Ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi belgilandi

    Adliya vazirligi tomonidan Davlat organlari va tashkilotlarining ichki audit xizmati xodimlari faoliyati samaradorligini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

    Nizom ichki audit xizmati tashkil etilgan vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining ichki audit xizmatlari rahbari va xodimi faoliyatining samaradorligini eng muhim koʻrsatkichlar asosida baholash, ularni ragʻbatlantirish va reytingini yuritish tartibini belgilaydi.

    Nizom talablari davlat organlari va tashkilotlarining ichki audit xizmatlari rahbari va xodimi faoliyatining samaradorligini xodimlarga yuklatilgan eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarga erishishdagi hamda vazifa va funksiyalarni bajarilishidagi hissasini baholashga nisbatan tatbiq etiladi.

    Ichki audit xizmatlari xodimi faoliyatining samaradorligini baholash ichki audit xizmati rahbari tomonidan har chorakda amalga oshiriladi hamda u baholash bilan bogʻliq maʼlumotlarning toʻgʻriligi va xolisligiga javobgar hisoblanadi.

    Xodim faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari quyidagilar hisoblanadi:

    • byudjet toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi holatlarining oldini olishdagi natijalar;
    • masofaviy nazoratni amalga oshirishdagi natijalar;
    • ichki audit yillik rejasida xodim masʼul boʻlgan ichki audit tadbirlarining oʻtkazilishi;
    • xodim tomonidan berilgan taklif va tavsiyalarning ichki audit obyektlari tomonidan bajarilishi.

    Ichki audit xizmati rahbari va xodimining faoliyati samaradorligi reytingi xodim faoliyatining samaradorligi yigʻma koʻrsatkichlarini kamayib borish tartibida joylashtirish asosida shakllantiriladi.