Ichki ishlar organi xodimiga tan jarohati yetkazgan fuqaroga tergovga qadar tekshiruv tayinlandi

    Ijtimoiy tarmoqlarda IIO xodimiga nisbatan faol qarshilik koʻrsatish holati aks etgan video tarqalib turli muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

    Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan munosabat bildirildi.

    Taʼkidlanishicha, shu yilning 19-avgust tungi soat 02.00 larda Bektemir tumanidagi bozor hududida tungi xizmatga jalb qilingan Bektemir tumani IIO FMB PPX inspektori safdor J.Rajabov transport vositasi toʻxtab turish taqiqlangan joyga qoʻyilgani holatini aniqladi.

    Ushbu transport vositasi boshqa transport vositalarining erkin harakatlanishiga xalaqit bergani sababli J.Rajabov Saptiva rusumli avtomashina egasiga chaqirtirgan va transport vositasini olib qoʻyishini soʻragan. Biroq 1990-yilda tugʻilgan Shavkat Abdullayev IIO xodimining qonuniy talabini bajarmasdan, unga faol qarshilik koʻrsatib, safdor J.Rajabovni urib tan jarohati yetkazgan.

    Mazkur holat yuzasidan Bektemir tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilmoqda. Tekshiruv yakuni boʻyicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.