Oʻzbekiston ichki ishlar organlarida tizim xodimlariga yengillik yaratish maqsadida uchuvchisiz uchish qurilmalari joriy qilinmoqda.
Ushbu qurilma IIOga favqulodda vaziyat haqida tezkor maʼlumot olish va qisqa fursatlarda bartaraf etish imkonini beradi, vaqtni va resurslarni tejaydi, xarajatlarni kamaytiradi.
IIV Axborot texnologiyalari boʻyicha boʻlim boshligʻi Shohrux Muxtorovning soʻzlariga koʻra, vazirlik Jamoat xavfsizligi departamenti tomonidan hududlarda xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlari, yoʻl-patrul xizmati inspektorlari, shuningdek, ichki ishlar organlarining boshqa sohaviy xizmatlari xodimlarini oʻqitish boʻyicha ishchi guruhlari tuzilgan.
Qayd etilishicha, ichki ishlar xodimlarini dronlardan foydalanishga oʻqitishda hududda koʻngilsiz hodisalarning oldini olish, fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash, yoʻl harakati xavfsizligi taʼminlashda tirbandliklarni bartaraf etish, mahallalarda kriminogen vaziyatdan tezkor xabardor boʻlish kabi salbiy xatti-harakatlarga qarshi kurashish asosiy tamoyillar sifatida belgilab olingan.
Shohrux Muxtorovning soʻzlariga qaraganda, yoʻl harakati xavfsizligi tizimida uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish yuqori samara beradi. Xususan, yoʻl-transport hodisalari, yoʻllarda qoidabuzarliklarni aniqlash, qidiruv-qutqaruv, olib qochilgan va oʻgʻirlangan avtomobillarni topish imkoniyatini beradi.