Taʼkidlangandek, respublikamizda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shaxs, jamoat va davlat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha yaxlit huquqiy tizim yaratildi.
Mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldiga yangi vazifalarni qoʻymoqda hamda ushbu organlarning oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish boʻyicha tezkor va samarali qarorlar qabul qilishi uchun mustahkam huquqiy asos yaratishga qaratilgan.
Mazkur Qonun bilan “Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunga maʼlumotlarni toʻplash, tezkor kiritish, niqoblangan operatsiya kabi tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirish tartibini aniqlashtirishni, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatchilikka qarshi kurashishning huquqiy asoslarini mustahkamlashni, tezkor-qidiruv tadbirlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllagan holda, shu jumladan kibermakonda va (yoki) uning imkoniyatlaridan foydalangan holda oʻtkazilishi mumkin ekanligini belgilashni nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilyapti.
Shu bilan birga, “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Qonunga jinoyatlarning holatlarini aniqlash, jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni aniqlash va qidirish, shuningdek, jazoni oʻtashdan boʻyin tovlayotgan yoki bedarak yoʻqolgan shaxslarni qidirish maqsadida ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlaridan bepul foydalanishga doir ichki ishlar organlarining huquqlarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish kiritilyapti.
Bundan tashqari, “Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisida”gi Qonunga maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus muassasada tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish mumkin ekanligini belgilovchi qoʻshimcha kiritilyapti, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Senatorlar taʼkidlaganidek, ushbu Qonun jamoat tartibini saqlashni va fuqarolar xavfsizligini yanada ishonchli taʼminlashga, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha tadbirlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.