Ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylariga

    Hukumat 25 Oktabr 2022 2532

    Hurmatli ichki ishlar tizimi xodimlari! Qadrli ofitser va generallar, serjant va safdorlar! Muhtaram faxriylar!

    Avvalo, sizlarni 25-oktabr – O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

    Hech shubhasiz, xalqimiz sizlarni o‘z hayotini el-yurt tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishdek olijanob ishga bag‘ishlagan, muqaddas qasamyodiga sodiq insonlar deb biladi va mashaqqatli xizmatingizni munosib e’tirof etadi.

    Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil asosida olib borayotgan islohotlarimizni hayotga muvaffaqiyatli joriy etishda ichki ishlar tizimi xodimlari davlatimiz va jamiyatimizning mustahkam tayanchi bo‘lib xizmat qilmoqda.

    Bugungi kunda dunyoda hukm surayotgan murakkab va tahlikali sharoitda mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash, jamiyatimizda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash qanchalik muhim vazifa ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz. Shu bois, keyingi yillarda ichki ishlar tizimini isloh qilishga ustuvor e’tibor qaratilmoqda.

    Bu borada barcha hududlarimizda xavfsiz sharoit yaratish, tinchlik va osoyishtalikka qarshi tahdidlarga to‘liq barham berish maqsadida ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining jamoat xavfsizligi konsepsiyasi hamda 2022-2025-yillarda jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini rivojlantirish strategiyasi izchil amalga oshirilmoqda.

    Mazkur hujjatlarga asosan, ilk bor har bir tuman va shaharda fuqarolar xavfsizligini ishonchli ta’minlash bo‘yicha 10 ta davlat idorasining hamkorlikda ishlash mexanizmlari va vazifalari belgilab berildi. Fuqarolar huquqlarini himoya qilish tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan zamonaviy ish uslublari amaliyotga tatbiq etilmoqda.

    Jinoyatchilikning oldini olish, uning sabablarini bartaraf etish maqsadida huquqbuzarliklarni “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tizimi joriy qilindi. Jinoyatlar nisbatan ko‘p sodir etilgan mahallalarda tashkil etilgan huquq-tartibot maskanlarida huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning birgalikdagi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

    Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni keng targ‘ib etish hamda turli salbiy illatlarning oldini olish maqsadida maktablarda 2 mingdan ortiq inspektor-psixolog lavozimlari joriy etildi va bu o‘zining dastlabki ijobiy samaralarini bermoqda.

    Profilaktika inspektorining mahallada hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli bilan hamkorlikdagi faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani ko‘plab huquqbuzarliklarga barham berish hamda xotin-qizlarni zo‘ravonlik va turli tazyiqlardan himoya qilish uchun sharoit yaratmoqda.

    Ichki ishlar organlarining kundalik faoliyatini innovatsion yondashuvlar, raqamli texnologiyalar va ilm-fan yutuqlariga tayangan holda tashkil etish, fuqarolarning hayoti, qadr-qimmati va mol-mulkini kibermakonda ishonchli himoya qilish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalar asosida samarali metodikalar ishlab chiqilayotganini alohida ta’kidlash lozim.

    O‘tgan yildan boshlab jinoyat va huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha barcha ariza va xabarlarni avtomatlashtirilgan tarzda qayd etuvchi “102” tizimi joriy qilindi. Viloyat markazlari va yirik tumanlarda 75 ta situatsion markazlarning tashkil etilgani ko‘cha va jamoat joylarida vaziyatni masofadan turib kuzatish hamda aholi osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan kuch va vositalarni samarali boshqarish imkoniyatini yaratdi.

    Hayotimizning barcha jabhalari qatori ichki ishlar organlari faoliyatini liberallashtirish, sohada ochiqlik va oshkoralik muhitini kuchaytirish, insonparvar va xalqchil tizimga aylantirish maqsadida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Ayni paytda, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali fuqaroning shaxsini aniqlash uchun uni ichki ishlar organlariga olib kelish amaliyotidan voz kechib, elektron qurilma yordamida aniqlash tizimini joriy etish ustida ishlar olib borilmoqda.

    O‘tgan yili qabul qilingan “Ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi”ning hayotga izchil tatbiq etilishi natijasida soha xodimlarida vatanparvarlik ruhini kuchaytirish, ularning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, muomala madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirilgan tizimli chora-tadbirlar aholi bilan ishlash amaliyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

    Tizimda erishilgan yutuqlarning yorqin namunasi sifatida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot yo‘nalishi bo‘yicha “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovida Ichki ishlar vazirligi jamoasi 2021-yilda ikkinchi o‘rinni, joriy yilda esa faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritganligini alohida e’tirof etish joiz.

    Hurmatli soha vakillari!

    Ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish, uning tarkibiy tuzilmalarini optimallashtirish, aholi osoyishtaligini ta’minlash, sohada korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlarimiz bundan keyin ham izchil davom ettiriladi.

    Bugungi kunda mavjud imkoniyat va salohiyatimiz, keyingi yillarda orttirgan tajribamizdan, ilg‘or xorijiy yutuqlardan foydalangan holda, sohadagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish eng muhim vazifalardan biridir.

    Bu borada mamlakatimizda “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan qoidani hayotga tatbiq etishda avvalo xalqqa eng yaqin kasb egalari sifatida ichki ishlar xodimlarining o‘zlari barchaga o‘rnak va namuna bo‘lishlari zarur, deb o‘ylayman.

    Tizimga zamonaviy texnologiyalar va ish uslublarni joriy etish, professional yetuk kadrlarni tayyorlash, soha xodimlarini ijtimoiy va huquqiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish kabi masalalarga alohida ahamiyat qaratishimiz lozim.

    Ichki ishlar tizimidagi islohotlarimizning amaliy natijasini sohaning har bir xodimi, birinchi navbatda, xalqimiz o‘zining kundalik hayotida sezishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

    Fursatdan foydalanib, fidokorona mehnatingiz, Vatanimiz va xalqimizga sadoqatingiz uchun barcha yurtdoshlarimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.

    Sizlarni bugungi qutlug‘ bayram bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘liq, oilangizga fayzu baraka, mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

    Shavkat MIRZIYOЕV,

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti