Ichki ishlar organlari xodimlari bellashdi

    Musobaqaning final bosqichi Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi toifali hakamlari tomonidan odilona baholandi.

    Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, ayniqsa yoshlar orasida sportni ommalashtirish va bu orqali mamlakatimizning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirokini taʼminlash borasida keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Bu borada ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida ham ommaviy sportni rivojlantirish, jismoniy faolligini oshirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, sport turlari boʻyicha sportchi xodimlarni saralash va iqtidorlilarini tanlab olish (seleksiya) borasida chora-tadbirlar belgilab olingan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻlom turmush tarzini keng tadbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vazirligining “Ichki ishlar organlarida ommaviy sportni rivojlantirish va sogʻlom ovqatlanish turmush tarzini targʻib qilish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilar kuni munosabati bilan joriy yilning 11–13-yanvar kunlari Ichki ishlar vazirligining tarkibiy tuzilmalari xodimlari oʻrtasida “Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostida sportning “mini futbol” turi boʻyicha musobaqa oʻtkazildi.

    Ushbu musobaqada jami 16 terma jamoa oʻzaro bellashdi.

    Musobaqa natijasiga koʻra, Vazirlik Axborot xizmati terma jamoasi aʼzosi Bahodir Qodirov “Eng yaxshi darvozabon”, vazirlik Moliya va moddiy-texnika taʼminoti departamenti terma jamoasi aʼzosi Akbar Mannopov “Eng yaxshi hujumchi” deb eʼtirof etildi.

    Murosasiz kechgan musobaqada Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi terma jamoasi 1-oʻrinni, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi 2-oʻrinni, vazirlik Moliya va moddiy-texnika taʼminoti departamenti 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

    Gʻolib va sovrindorlar kubok, qimmatbaho sovgʻalar hamda diplom bilan taqdirlanadi.

    Musobaqaning final bosqichi Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi toifali hakamlari tomonidan odilona baholandi.