Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2021-yil 26-iyunda “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2021-yil davomida Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 177 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. Ushbu koʻrsatkich 2020-yil yakunlariga koʻra 76 tani tashkil etgan.
Tashriflarda ilk marotaba ommaviy axborot vositalari va blogerlar ishtirok etdi. Monitoring tashriflari davomida 4,5 mingdan ortiq shaxs bilan jamoaviy va 758 nafar shaxs bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazildi.
Monitoring tashriflarida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylardagi sharoitlar, yashash va ovqatlanish, mehnat qilish, tibbiy yordam koʻrsatish holati va sifati, olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar, koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotganligi hamda taʼlim-tarbiya va boshqa shu kabi holatlar oʻrganildi. Bu esa jismoniy, ruhiy va psixolgik bosim oʻtkazish holatlarni oldini olish borasidagi profilaktik choralar hisoblanadi.
Aniqlangan kamchiliklar va monitoring tashriflari yuzasidan har chorakda tahliliy maʼlumotlar, axborotlar va taqdimnoma tayyorlanib, mutasaddi vazirlik va idoralarga kiritildi. Monitoring tashriflari davomida aniqlangan kamchiliklarga yoʻl qoʻygan bir qator xodimlarga nisbatan tegishli tashkilotlar tomonidan intizomiy jazolar qoʻllanilgan.
Ombudsman tavsiyasiga asosan, mahkumlarning mehnatini muhofaza qilish uchun Buxoro hamda Toshkent viloyatlaridagi bir qator jazoni ijro etish koloniyalari tomonidan mehnatga jalb etilgan mahkumlarga salkam 12 milliard 159 million soʻmlik maxsus kiyim, himoya va sanitariya-gigiyena vositalari sotib olingan. Toshkent viloyatidagi 7-sonli jazoni ijro etish koloniyasining oshxonasini taʼmirlash va jihozlash uchun 700,0 mln.soʻm ajratilgan. Buxoro viloyatidagi 1-sonli jazoni ijro etish koloniyasi maʼmuriy hududining tashqarisida fuqarolar kutish joyi qurilib, foydalanishga topshirilgan.
Ombudsman tavsiyasiga koʻra, Toshkent shahridagi faqat erkak mahkumlar davolanadigan 23-son mahkumlarga moʻljallangan ixtisoslashgan kasalxonada ayol mahkumalar davolanadigan boʻldi. Eslatib oʻtamiz mazkur kasalxona terapiya, nevrologiya, jarrohlik, stomatologiya, diagnostika, sil kasalliklari kabi 20 ta boʻlimga va 2 ta laboratoriyaga ega, shuningdek u yerda murakkab jarrohlik amaliyotlari ham oʻtkaziladi.
Samarqand viloyati Ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Surxondaryo viloyatining Majburiy davolash boʻlimi bemorlariga ovqat yetkazish boʻyicha autsorsing xizmatlarini koʻrsatishda kamchiliklarga yoʻl qoʻygan shaxslarga nisbatan choralar koʻrilgan.
Ombudsman kiritgan tahliliy axborotlarda keltirilgan tavsiyalarga asosan Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda jazoni ijro etish tizimidagi davolash-profilaktika faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqdi.
Shuningdek, mutasaddi vazirlik va tashkilotlarga ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda ushlab turilgan va qamoqqa olingan shaxslarni belgilangan manzilga kuzatish va qoʻriqlab borish uchun moʻljallangan maxsus avtotransport vositalarini jihozlash hamda Jinoyat ishlari boʻyicha viloyat, tuman (shahar) sudlarida sudlanuvchilar, ayblanuvchilar va gumon qilinuvchilarni vaqtincha saqlash xonalarini taʼmirlash yuzasidan berilgan tavsiyalarga asosan, Oliy sud tomonidan Milliy gvardiya, Ichki ishlar va Qurilish vazirliklari bilan hamkorlikda “Sud binolarini qurish uchun idoraviy qurilish normalari (IQN-21)” ishlab chiqildi hamda sud Rayosatining alohida qarori qabul qilindi.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Jazoni ijro etish muassasalarida jazo oʻtayotgan mahkumlarni hamda tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarni oziq-ovqat, ashyoviy mol-mulk, sovun va yuvish vositalari bilan taʼminlash meʼyorlarini qoʻllash tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 445-sonli buyruq qabul qilingan.
Hisobot yilida Ombudsman nomiga yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari hamda advokatlari tomonidan 6 104 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 2 119 tasi bevosita yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning murojaatlaridir.
Surishtiruv va dastlabki tergov harakatlari yuzasidan kelib tushgan shikoyatlar boʻyicha Ombudsmanning murojaatiga asosan Bosh prokuratura tomonidan olib borilgan oʻrganishlarga koʻra, jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish haqidagi 32 ta qarorning barvaqt qabul qilinganligi aniqlanib, bekor qilingan va 16 ta holatda aybdor xodimlarning xatti-harakatlariga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilishi taʼminlangan.
Prokuratura organlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlariga koʻra, 11 ta shikoyat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasining tegishli bandlariga asosan jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar Ombudsmanning nazorat xatiga asosan yuqori turuvchi prokuratura organlari tomonidan bekor qilinib, qoʻshimcha tekshiruv harakatlari oʻtkazilgan. Shuningdek, ushbu shikoyatlar yuzasidan oʻtkazilgan xizmat tekshiruvi yakunlariga koʻra 4 ta holatda ichki ishlar organlarining 7 nafar xodimga nisbatan intizomiy taʼsir choralari qoʻllanilgan.
Jazoni yoki ehtiyot chorasini yengillashtirish yuzasidan mahkumlar (mahbuslar) tomonidan kelib tushgan murojaatlar yuzasidan Ombudsmanning xatiga asosan 13 ta murojaat boʻyicha tegishli sudlar tomonidan 59 nafar mahkumga nisbatan tayinlangan jazolar yengilrogʻiga almashtirilgan va 2 nafar mahbusning ehtiyot choralari yengilrogʻiga oʻzgartirilgan.
Mahkumlar tomonidan oilasiga koʻmak koʻrsatish masalasida kelib tushgan murojaatlar yuzasidan tegishli hokimliklar tomonidan 11 nafar mahkumning oila aʼzolariga turli xildagi iqtisodiy va ijtimoiy koʻmak koʻrsatilgan. Shuningdek, Jazoni ijro etish departamenti tomonidan 13 nafar mahkum Ombudsmanning murojaatiga asosan yashash joyiga yaqin boʻlgan hududlardagi jazoni ijro etish muassasalariga koʻchirilgan.
Qayd etish lozimki, Ombudsmanning qiynoqlarni oldini olish boʻyicha amalga oshirilgan monitoring tashriflari yuzasidan tayyorlangan choraklik tahliliy axborotlari va yillik maʼruzasi Oliy Majlis palatalariga taqdim etilgan.