Ta’kidlanganidek, sohada amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida umumiy jinoyatlarning 20 497 tasi yoki 95,2 foizi fosh etilgan. Tergov organlari qidiruvida bo‘lgan 1 051 nafar shaxs ushlangan va 261 nafar bedarak yo‘qolganlar topilgan.

Ichki ishlar organlari tashabbusi bilan 4 158 ta jinoyat aniqlangan. Respublikadagi jami 9 145 ta mahallaning 66,3 foizida yoki 6 061 tasida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan.

Shu bilan birga, majlisda o‘tkazilgan o‘rganishlar ichki ishlar organlari faoliyatida muayyan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatayotganligi qayd etildi.

Xususan, joriy yilning 6 oyida respublika miqyosida 21 535 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, 100 ming aholiga nisbatan o‘rtacha 63,3 tadan to‘g‘ri kelgan.

Oilalardagi notinchlik, nizolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilikning e’tiboridan chetda qolganligi oqibatida o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilmoqda.

Jumladan, 2020-yilning 6 oyi davomida qayd etilgan qotillik jinoyatlarning har uchinchisi, og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining 76 tasi oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilgan.

Shu bilan birga, oilaviy nizolarga o‘z vaqtida barham berilmaganligi oqibatida 5 940 ta oila-turmush munosabatlari doirasidagi huquqbuzarliklar sodir etilib, ularning aksariyati, ya’ni 52,6 foizi Toshkent, Buxoro, Navoiy  va Farg‘ona viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Xususan, oila-turmush doirasida tazyiqqa uchragan xotin-qizlarning 2 776 nafariga “himoya orderi” berilgan.

Yoshlar bilan ishlashda hanuz ko‘plab muammolar saqlanib qolayotganligi, ularni bartaraf etishga yetarli darajada etibor qaratilmaganligi oqibatida joriy yilning 6 oyida respublikada qayd etilgan har to‘rtinchi jinoyat yoshlar tomonidan sodir etilgan.

Shuningdek, majlisda Ichki ishlar vazirining axboroti hududlardagi senatorlar va mahalliy Kengashlar deputatlari tomonidan ham muhokama etildi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati