"Ijobiy videolavhalar bilan birga, afsuski xodimlarimiz tomonidan yoʻl qoʻyilgan salbiy holatlar, xato va kamchiliklar tasvirlangan kontent ham mavjud. Mazkur ochiqlik oʻz oʻrnida xodimlarning jamoatchilik nazoratida ekanligini uqtirish bilan birga, xizmatimizdagi kamchiliklarini aniqlab, bartaraf etishga hamda tizimni nomunosib xodimlardan tozalashga yordam bermoqda.
Lekin shu bilan birga ayrim holatlarda xodimlarning harakatlari ortidan piar qilish, haqiqatdan yiroq boʻlgan bayonotlar orqali ularni obroʻsizlantirishga urinish, ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan boʻlgan shaxsiy adovatni ijtimoiy tarmoqlar maydoniga chiqarish kabi nosogʻlom tendensiya ham kuzatilmoqda. Buning eng yomon tomoni, oʻz burchini sadoqat bilan bajarayotgan xodimlarning kayfiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatishidir.
Joriy yilning oʻzida, ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar organlari xodimlarini obroʻsizlantirishga qaratilgan 1470 dan oshiq maʼlumotlar tarqatilganligi aniqlangan. Ushbu xabarlarning deyarli 60 foizi chet elda roʻyxatdan oʻtgan akkauntlar orqali chiqarilgani maʼlum boʻlgan. Bu borada, yuzdan oshiq fuqarolarimiz bilan tushuntirish ishlari olib borilib, maʼlumot tarqatish madaniyatiga rioya qilish borasida suhbatlar oʻtkazilgan.
Maʼlum qilamizki, hozirgi vaqtda Ichki ishlar vazirligi hech qachon boʻlmaganidek ochiqlikni, shaffoflikni hamda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni namoyish etib kelmoqda. Ichki ishlar organlarining birorta sohasi yoʻqki jurnalistlar yoki ijtimoiy tarmoq yurituvchilarining hamkorligini rad etgan boʻlsa. Soha axborot xizmatlari oʻz faoliyatini nafaqat vazirlikning markaziy apparati, balki joylardagi barcha organlarda olib bormoqdalar.
Ichki ishlar organlarida fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish masalasi ham aniq tizimiylik asosida yoʻlga qoʻyilgan, ayniqsa xodimlarning xatti-harakatlari ustidan tushgan shikoyatlarning birontasi ham eʼtiborsiz qoldirilmaydi. Albatta, kamchilik har bir sohada mavjud, ularni bartaraf etish esa tizim rahbariyatining birlamchi vazifasidir, shuning uchun Ichki ishlar vazirligi sogʻlom tanqid va konstruktiv muloqotga doim tayyor.
Ichki ishlar vazirligining axborot xizmati barcha jurnalistlar, blogerlar va ijtimoiy tarmoq yurituvchilarini sogʻlom va konstruktiv hamkorlikka chaqiradi, sohadagi oʻzgarishlar, ijobiy ishlar bilan shaxsan tanishishlariga imkoniyat yaratib beradi. Javoban esa, ichki ishlar organlari bilan bogʻliq har qanday axborot yoki tanqidiy bayonot subyektivizmdan yiroq boʻlishini hamda xolislikni aks ettirishini soʻraydi.
Fursatdan foydalanib, vazirlikning axborot xizmati bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotgan barcha jurnalistlarga, blogerlarga va alohida fuqarolarga chin dildan minnatdorchilik bildiramiz", deyiladi murojaatda.