Ichki turizm boʻyicha muallimlar va tibbiyot xodimlari uchun alohida dastur tasdiqlanadi

    Hukumat 29 Mart 2023 1671

    Mamlakatimizda hozirgi turizm mavsumi qisqaligi, uni uzaytirish boʻyicha salohiyat juda katta ekani taʼkidlandi.

    Toshkent, Jizzax viloyatlarida qishki mavsumda – toqqa chiqish, changʻi uchish maydonlarini, Andijon, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahrida yozgi mavsumda – choʻmilish maskanlarini tashkil etib, turistik mavsumga yana ikki oy qoʻshish mumkin.

    Shu munosabat bilan tegishli vazirliklar va mutasaddilarga festival va madaniyat tadbirlarini koʻpaytirish, qishki, ekologik turizmni rivojlantirish, qoʻriqxona, tabiat bogʻlari va tabiat yodgorliklari imkoniyatidan foydalanish boʻyicha topshiriqlar berildi.

    Ichki turizm boʻyicha muallimlar va tibbiyot xodimlari uchun alohida dasturni tasdiqlab, ularning yurtimiz boʻylab sayohati va dam olishlarini tashkil qilishni boshlash topshirildi.

    Bu yil mamlakatimizning boy madaniyati va turistik salohiyatini jahonga targʻib qilish yili boʻlishi kerakligi taʼkidlandi. Buning uchun 100 milliard soʻm ajratildi.

    “Oʻzbekiston tashrif qogʻozi”ni ishlab chiqib, turizm brendini yangilash, xorijiy telekanallarda “Oʻzbekiston tashrif qogʻozi”ni efirga uzatish, AQSH, Xitoy, Arab davlatlari, Yaponiya, Koreya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Malayziya, Rossiya, Qozogʻiston kabi mamlakatlarning yirik shaharlari gavjum koʻchalaridagi ekranlarda “Oʻzbekiston turizm brendi” haqidagi maʼlumotlarni joylashtirish, milliardlik obunachilari bor internet platformalarida Oʻzbekiston haqidagi reklama roliklarini koʻpaytirish topshirildi.