Ichki turizm rivojiga xizmat qiluvchi yangi vertolyotlarning taqdimoti oʻtkazildi

    Turizm 31 Iyul 2021 894

    2021-yil 31-iyul kuni “Uzbekistan Helicopters” MCHJ UAT samolyot-taʼmirlash majmuasida AIRBUS H-125 va MI-8MTV vertolyotlari taqdimotini oʻtkazdi.

    Davlatimiz rahbari turizm infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari taqdimotlari bilan tanishar ekan, mamlakatimiz hududlarining transport logistikasini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega ekanini, bu yurtimizning sayyohlik salohiyatini oshirishga imkon berishini bir necha bor taʼkidladi. Shu munosabat bilan sotib olingan yangi vertolyotlar Prezident tomonidan belgilangan ichki turizmni rivojlantirish vazifalarini samarali hal etish imkonini beradi.

    “Uzbekistan Helicopters” aerovizual parvozlar boʻyicha xizmatlarni taqdim etadi, shuningdek, eng murakkab qurilish loyihalarining montaj ishlarini bajarish, yirik hajmli yuklarni tashish, togʻlarga turistik ekskursiya parvozlarni va Oʻzbekistonning tarixiy shaharlari boʻylab yoʻlovchilarni tashishni ham amalga oshiradi.

    Taʼkidlash joizki, “Uzbekistan Helicopters” jamoasi uchun parvozlar xavfsizligi ustuvor yoʻnalish hisoblanadi. Buning uchun tashkilotda professional uchuvchilar va muhandis-texnik tarkib shakllantirilgan, moddiy-texnik baza muntazam ravishda modernizatsiya qilib borilmoqda.

    Masalan, AIRBUS H-125 vertolyoti yuqori baland togʻ va issiq iqlim sharoitlarida foydalanishga moslashtirilgan va tashqi ilgakka osgan holda 1400 kilogrammgacha yukni olib keta oladi. Shuningdek, aviatransport kuzatuv-qutqaruv operatsiyalarini amalga oshirish, yirik yongʻin maydonlarini oʻchirish, yuklarni koʻtarish, hosilni changlatish, elektr uzatish tarmoqlarini yuqoridan kuzatish, aerovideo tasvirga olish, parashyutda sakrash, geologik qidiruv kabi keng koʻlamli vazifalarda samarali qoʻllaniladi.

    Bugungi kunda “Uzbekistan Helicopters” MCHJ uchuvchilari muhandislar va texniklar bilan hamkorlikda yangi AIRBUS H-125 va MI-8MTV vertolyotlarini ekspluatatsiya qilish boʻyicha tajriba va malakalarini mustahkalashmoqda.

    Taqdimotda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov bugungi kunda mamlakatimizda turizm sohasiga qaratilayotgan eʼtibor haqida gapirib, turizm infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan bunday loyihalarning amalga oshirilishi yaqin istiqbolda mamlakatda ichki turizni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

    Tadbir doirasida turizm sohasi vakillari, OAV xodimlari va blogerlar toʻrtta yangi vertolyot bilan yaqindan tanishishdi va Toshkent-Beldersoy-Amirsoy-Chimyon yoʻnalishi boʻylab maxsus tanishuv parvozini amalga oshirishdi.