Suhbat chogʻida Ihab Taher Islom olami fan, taʼlim va madaniyat tashkiloti (ICESCO) delegatsiyasi tarkibida ikki marotaba Oʻzbekistonga borgani, ICESCO tomonidan Toshkent va Buxoro shaharlari Islom madaniyati poytaxti, deb eʼlon qilingani, shuningdek, zaminimiz Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk ulamolar yurti ekanligini taʼkidladi.

U 2024-yilda Madaniyat, turizm va atrof-muhit boʻyicha II-xalqaro yoshlar forumini Oʻzbekistonda davlat rahbari rahnamoligida tashkil etish taklifini bildirar ekan, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi hamda Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi mazkur anjumanni oʻtkazish uchun Oʻzbekistonning tanlanishiga asosiy sabab boʻlganini aytdi.

Suhbatdoshning maʼlum qilishicha, forumdan kutilayotgan asosiy maqsad Oʻzbekistonda Prezidenti rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilgan muvaffaqiyatlar, respublikada uchinchi Renessans davrining boshlanganligiga eʼtibor qaratish, mamlakatning tabiiy goʻzalligi, sayyohlik salohiyati va boy koʻhna madaniy merosi bilan tanishtirish, Islom hamkorlik tashkiloti aʼzolari va aʼzo boʻlmagan davlatlar oʻrtasida madaniy almashuvga hamda madaniyatlararo hamkorlikka hissa qoʻshish va boshqa qator muhim gʻoyalar bilan izohlanadi. Shuningdek, anjuman doirasida turli mavzularni qamrab oladigan seminarlar, maʼruzalar, Oʻzbekiston universitetlari bilan tanishuv, ziyoratgohlarga borish, mamlakatning diqqatga sazovor joylari bilan tanishish va boshqa qator tadbirlarning oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.

Ihab Taherning maʼlum qilishicha, Madaniyat, turizm va atrof-muhit boʻyicha I-xalqaro yoshlar forumi joriy yil dekabr oyida Saudiya Arabistonining "Neom" futuristik shahrida tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu tadbirda butun dunyodan 300 nafarga yaqin yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillarining qatnashishi kutilmoqda.

Xalqaro musulmon yoshlar ittifoqi (IUMS) bosh qarorgohi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan boʻlib, u Islom hamkorlik tashkilotining yordamchi tuzilmalaridan biri hisoblanadi.