Uchrashuv chog‘ida tomonlar joriy hamkorlikning dolzarb masalalarini va sheriklikning ustuvor yo‘nalishlarini kengaytirishni muhokama qildilar.

IHRT rahbariyati koviddan keyingi davrda biznes yuritish va iqtisodiy tiklanishning huquqiy muhitini takomillashtirish sohasidagi hamkorlikning joriy natijalarini sarhisob qilib, O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar dasturi ijrosini yanada qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini bildirdi.

Iqtisodiy islohotlarni joriy etilishining hozirgi holatini o‘rganish va hamkorlikning eng ustuvor yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha birgalikda ish olib borishda davom etishga kelishildi. Ana shunday yo‘nalishlardan biri sifatida tomonlar, xususan, O‘zbekistonning investitsiya siyosatini o‘rganish va uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish dolzarbligini ta'kidladilar.

Mahalliy eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishda hamkorlik istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, yaqin kelajakda IHRT mutaxassislari O‘zbekistonda kichik va o‘rta korxonalar eksportini oshirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirish samaradorligini tahlil qilib, uni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadilar.

IHRT rahbariyati investitsiya qonunchiligini takomillashtirish va eng yaxshi xalqaro amaliyotlar asosida kichik va o‘rta biznes uchun ishbilarmonlik muhitini tartibga solishni yengillashtirish mavzulariga oid vebinarlar o‘tkazish hisobiga O‘zbekiston davlat xizmatchilariga maslahat yordami ko‘rsatish amaliyotini davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar turli mamlakatlar iqtisodiyotining xorijiy investorlarga ochiqligi darajasining ko‘rsatkichi hisoblangan IHRTning To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar uchun tartibga soluvchi cheklovlar indeksida O‘zbekiston yuqori mavqyega ega ekanligini taֹ’kidladilar. Shu bilan birga, IHRTning savdo rivojlanganligining darajasi va aholi turmush sifatini tavsiflovchi boshqa indekslarida O‘zbekiston ishtirokini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi qo‘shma sa'y-harakatlar belgilab olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Ma’lumot uchun: Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (IHRT) – globallashuv sharoitlarida yuzaga keladigan ijtimoiy-iqtisodiy va boshqaruv muammolarini hal qilish uchun birgalikda ish olib borayotgan bozor iqtisodiyotiga ega demokratik mamlakatlarning uyushmasi. O‘zbekiston IHRT bilan bir nechta sohalarda, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish, IHRT mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, raqobatbardoshlikni oshirish va investitsiyalarni jalb etish dasturi bo‘yicha faol hamkorlikni saqlab kelyapti.