Vladimir Norov IHT Bosh kotibi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 6 Iyul 2022 1798

    2022-yil 5-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar qishloq xoʻjaligi vazirlarining Toshkent shahridagi VII yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi Xusrav Noziri bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    H.Noziri Tashkilotni izchil rivojlantirish, IHT doirasidagi konstruktiv hamkorlikni jadallashtirish, uning dasturiy maqsad va vazifalarini samarali amalga oshirishda Oʻzbekistonning oʻrni ortib borayotganini taʼkidladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022-yilni IHTda “Oʻzaro uzviy bogʻliqlikni mustahkamlash yili” deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi taklifi IHTga aʼzo barcha mamlakatlar tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlangani respublikaning tuzilmadagi muhim ahamiyati birday eʼtirof etilayotganidan dalolatdir.

    Bosh kotib birlashmaga raislik doirasida Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli ishlarga yuqori baho berdi. H.Nozirining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tashkilotning 2021-yil noyabr oyida boʻlib oʻtgan Ashxobod sammitida ilgari surilgan barcha tashabbuslarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirildi.

    Boʻlajak tadbirlar, jumladan, IHTga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan yigʻilishiga tayyorgarlikning tashkiliy-konseptual jihatlari muhokama etildi.

    Uchrashuvda IHT doirasida savdo, investitsiya, oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xoʻjaligi, transport yoʻlaklari va boshqa sohalarda hamkorlikni oshirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

    Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. Afgʻonistondagi vaziyat, ushbu davlatning IHT faoliyatidagi ishtirokini jadallashtirish va mintaqalararo iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuviga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maʼnoda, H.Noziri 2022-yil 25-26-iyul kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiyada ishtirok etishini tasdiqladi.

    Bosh kotib IHT Kotibiyati Oʻzbekiston hukumati tomonidan Qoraqalpogʻistonda tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar, mamlakatda amalga oshirilayotgan chuqur islohotlar yoʻnalishini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.