IHTT bilan taʼlim sohasi masalalari muhokama qilindi

    Xalqaro hamkorlik 13 Aprel 2022 1485

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari A.Voitov joriy yil 10-13-aprel kunlari mamlakatimizda taʼlim sohasidagi xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish va unda Oʻzbekistonning ishtirokini taʼminlash yuzasidan tashrif buyurgan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) bosh kotibining taʼlim siyosati boʻyicha maxsus maslahatchisi – Taʼlim va koʻnikmalar departamenti direktori Andreas Shlyayxer bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Shuningdek, tashrifdan maqsad, oʻquvchilarni baholash xalqaro dasturi (PISA) boʻyicha Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish hamda IHTT bilan kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini kengaytirishdir.

    Uchrashuv chogʻida taʼlim sifatini nazorat qilish masalalari, PISA dasturini amalda bajarish choralari, talabalarga bilimlardan foydalanish va iqtisodiyot va ishlab chiqarish sohasidagi amaliy muammolarni hal qilishda alohida yordam koʻrsatish masalalari muhokama qilindi.

    Shuningdek, suhbat davomida aholining taʼlim xizmatlaridan keng foydalanish imkoniyatini taʼminlash, ularning sifatini oshirish va milliy taʼlim tizimining faoliyatini yaxshilash, shu jumladan IHTT ning maqsadli dasturlari orqali ushbu sohaga qoʻshimcha investitsiyalarni jalb etish mexanizmlari koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: Oʻquvchilarni baholash xalqaro dasturi (PISA) 15 yoshli oʻquvchilarning oʻqish, matematika va tabiiy fanlarda savodxonligini turli testlar yordamida baholashga qaratilgan. Mazkur loyiha yoshlarning ijodiy va tanqidiy fikrlashi, olgan bilimlarini amalda qoʻllay olishlariga baho beradi va bu koʻnikmalarni rivojlantirishga undaydi.