Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Avval xabar berganimizdek, shu yilning 19-may kuni Yunusobod dehqon bozorida xizmat olib borayotgan PPX inspektori safdor Izzatbek Ibragimov shubhali tutgan fuqaroni toʻxtatib tekshirmoqchi boʻlganida, u yonidagi oʻtkir tigʻli buyum bilan xodimning hayotiga suiqasd qilib, boʻyin qismiga tan jarohati yetkazgandi.
Jinoyatchi voqea joyidan yashirinish maqsadida shu atrofda boʻlgan avtobusga qoʻlidagi pichoq bilan chiqib olgan. Hududda xizmat olib borayotgan Patrul-post xizmati xodimlari katta serjant Samat Karjanbayev, safdor Sardor Abzalov va profilaktika inspektori leytenant Oʻktam Normamatovlar tezkorlik bilan fuqarolar xavfsizligini taʼminlab, avtobusdan yoʻlovchilarni evakuatsiya qilgan.
Soʻng xavfli jinoyatchini maxsus vositalar va jismoniy kuch ishlatish yoʻli bilan zararsizlantirib qoʻlga olishgan. Ushbu jarayonda IIO xodimlariga fuqaro Vladimir Avdiyans ham faol yordam berib, oʻzining fuqarolik burchini sidqidildan bajargan.
Mazkur holat Ichki ishlar vazirligi tomonidan alohida eʼtirof etildi. Toshkent shahar IIBBda tantanali ravishda boʻlib oʻtgan tadbirda fuqaro V.Avdiyansga “Ichki ishlar vazirligining minnatdorchiligi” eʼlon qilinib, 10 million soʻm miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Ichki ishlar vazirining tegishli buyrugʻiga asosan serjant S.Karjanbayev, safdor S.Abzalovlar “Aʼlo xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni bilan, leytenant Oʻ.Normamatov ragʻbatlantirish tariqasida muddatdan oldin “katta leytenant” maxsus unvoni bilan taqdirlandi.









