IIBB savdo markazlaridan birining masʼuli xodimini kaltaklagani yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi

    Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizdagi savdo majmualarining birida bir fuqaro boshqa fuqaroni urganligi aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

    Mazkur holat Toshkent shahar IIBB tomonidan oʻrganilganda, quyidagilar aniqlandi.

    Joriy yilning 13-sentyabr kuni Sergeli tumanida joylashgan savdo majmualarining birida ishlovchi 2001-yilda tugʻilgan B.A. oʻzaro kelishmovchilik oqibatida birga ishlovchi 2006-yilda tugʻilgan M.T.ni qoʻli bilan urgan.

    Ushbu holat savdo majmuasining boshqa xodimi - 1998-yilda tugʻilgan X.E. tomonidan video tasvirga olingan. Biroq fuqaro M.T. mazkur holat yuzasidan muqaddam ichki ishlar organlariga murojaat qilmagan.

    Yuqorida qayd etilgan holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 183-moddasi (“Mayda bezorilik”) alomatlari bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy chora koʻrish uchun Jinoyat ishlari boʻyicha Sergeli tuman sudiga yuborilgan.