Marafon musobaqasida qoʻshnilarimiz Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, shuningdek Rossiya Federatsiyasi hamda mamlakatimizdan jami 76 nafar professional va havaskor sportchi oʻz omadini sinab koʻrgan boʻlsa, yarim marafon bahslarida ishtirokchilar soni 529 nafarni tashkil qildi. 3 km masofaga oʻtkazilgan yugurish va yurish musobaqasida esa 779 nafar ishtirokchi startga chiqdi. Bundan tashqari, ilk bora tashkil etilgan ekiden bahslarida turli vazirliklar, idoralar, korxona-tashkilotlar hamda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan diplomatik vakolatxonalardan jami 64ta jamoa (har bir jamoa tarkibi 6 nafar sportchidan iborat) qatnashdi. Umumiy ishtirokchilari soni qariyb 1 800 nafarga yetdi va bu Toshkent Xalqaro marafoni tarixida rekord koʻrsatkichdir.
Musobaqada professional va havaskor sportchilar bilan bir qatorda jismoniy imkoniyati cheklanganlar ham faol ishtirok etishdiki, bu chindan ham tahsinga loyiq. Eʼtirof etish joiz, ular nafaqat III Toshkent Xalqaro marafonida qatnashdi, balki belgilangan marrani matonat bilan bosib oʻtishgada oʻzlarida kuch topa olishdi.

Ayniqsa, marafon bahslarida asli kasbi muhandis boʻlgan Fidan Yakupovning 42 km 195 metr masofani 4 soat 21 daqiqayu 54 soniya ichida 45-boʻlib bosib oʻtganligiga qoyil qolmasdan oʻzga chora yoʻq. III Toshkent Xalqaro marafoni ishtirokchilari orasida jismoniy imkoniyati cheklanganlardan Yakupov yolgʻiz emasdi.


III Toshkent Xalqaro marafoni tashkilotchilari bugun mana shunday matonatli havaskor sportchilarni ragʻbatlantirishga qaror qildi.
Quyida ana shunday matonatli havaskor sportchilar bilan tanishing:
Fidan Faritovich Yakupov – 1989-yil 28-dekabrda tugʻilgan.
PSK “BRIG” MCHJ ishlab chiqarish texnik boʻlimi yetakchi muhandisi
Marafon musobaqasida 12-raqam ostida roʻyxatdan oʻtgan, marraga 45-boʻlib yetib kelgan. Natijasi: 4:21.54
Shuhrat Rahimberdiyevich Toshpoʻlatov – 1978-yilda tugʻilgan.
“Sibirskoye zdorovye” MCHJning regional (hududiy) direktori
Yarimmarafonda 332-raqam bilan roʻyxatdan oʻtgan, 395 nafar ishtirokchi orasida 200-boʻlib marraga yetib keldi. Natijasi: 2:04.42.
Daniil Aleksandrovich Bronskiy – 1990-yil 9-mayda tugʻilgan.
1-guruh tugʻma nogiron. Yarimmarafonda 19-raqam bilan roʻyxatdan oʻtgan. Natijasi: 4:21.54
Sergey Sergeyevich Uchayev – 1973-yilda tugʻilgan.
“Ishonch va hayot” NNT Boshqaruvi raisi.
3 km masofaga oʻtkazilgan poygada ishtirok etdi. 1073-raqam bilan roʻyxatdan oʻtgan. Natijasi: 0:30.42.
Ushbu havaskor sportchilar III Toshkent Xalqaro marafoni tashkilotchilari tomonidan taqdirlandi. Bu esa ularni yana-da ruhlantirish barobarida kelgusi musobaqalarda ham ishtirok etishi uchun ragʻbat vazifasini oʻtaydi.




Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati