Mazkur yarmarkada tumandagi barcha korxona va tashkilotlar oʻzlarining boʻsh ish oʻrinlari bilan ishtirok etishdi.
Shu bilan birga, oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan xotin-qizlar uchun hunarmandchilik va zamonaviy texnikalar koʻrgazmalari ham tashkil etildi.
Mehnat yarmarkasi davomida “Men jamiyatning faol aʼzosiman” mavzusidagi uchrashuv tashkil etildi
Uchrashuvda boshqarma boshligʻi oʻrinbosarlari, viloyat hokimi oʻrinbosari, tegishli korxona va tashkilotlar masʼullari hamda xodimlarning oila aʼzolari ishtirok etishdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar bugungi kunda ichki ishlar organlari xodimlari hamda ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida yaratilayotgan imkoniyatlar xususida soʻz yuritdi.
Shuningdek, ilgari surilayotgan ushbu ezgu tashabbus natijasida ichki ishlar organlari xodimlarining oilalarida qoʻshimcha daromad manbai yaratilishi, ularning turmush oʻrtoqlari jamiyatning faol insonlariga aylanishlari mumkinligi alohida eʼtirof etildi.
Jarayonda mutaxassislar tomonidan oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlar, imtiyozli kreditlar ajratish tartiblari, kasb hunar egallash uchun mavjud oʻquv kurslari toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.
Yakunda, oʻz xizmat vazifasini bajarishda safdoshlari orasida namuna koʻrsatgan 7 nafar xodimlarning turmush oʻrtoqlariga boshqarma boshligʻining tashakkurnomasi hamda esdalik sovgʻalari taqdim etildi.
Shu kuni 4 nafar xodimning turmush oʻrtogʻi shu yerning oʻzida ish bilan taʼminlangan boʻlsa, 3 nafariga tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish uchun subsidiya asosida tikuv mashinalari taqdim etildi.