Press-tur avvalida OAV xodimlariga akademiyaning maqsadi va faoliyati haqida maʼlumot berildi. Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, oʻquv jarayoniga tatbiq qilingan ilgʻor yondashuvlar, ijobiy natijalar taqdimot qilindi.
– Bugungi kunda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun malakali kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan yetakchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasiga aylandi, – deydi Akademiya boshligʻining oʻrinbosari podpolkovnik Sherzod Tadjimetov. – Shu kunga qadar kunduzgi taʼlim bakalavriatida “tezkor-qidiruv faoliyati”, “huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati”, “ekspert-kriminalistika faoliyati”, “jazoni ijro etish faoliyati”, “xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik taʼminlash”, “tashkiliy-shtab faoliyati”, “probatsiya faoliyati” hamda “axborot xavfsizligi” kabi 8 ta yoʻnalish boʻyicha malakali kadrlar tayyorlab kelinmoqda.
Prezidentning “Raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish sohasi uchun professional kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yoʻnalishi ham joriy etildi.
Shuningdek akademiyada 9 ta ilmiy maktab, ilmiy daraja beruvchi 2 ta ilmiy kengash, 7 ta intellektual klub va 22 ta ilmiy toʻgarak faoliyat yurityapti.
Davlatimiz rahbarining 2023-yil 18-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori asosida kadrlar tayyorlashning ilgʻor yondashuvlari joriy qilindi.
Hujjatga koʻra, Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakulteti tashkil etilib, xorijiy politsiya kadrlarini oʻqitish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Bugungi kunda fakultetda Tojikiston Respublikasidan kelgan kursantlar tahsil olmoqda. Bundan tashqari, ilgʻor xorijiy tajriba va innovatsion pedagogik texnologiyalarni tatbiq etish orqali taʼlim sifatini oshirish maqsadida akademiya qoshida yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining yuqori malakali mutaxassislaridan iborat oʻquv-metodik kengash faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Zulxumor AKBAROVA