IIV tizimida 60 ga yaqin nopok xodim fosh etilib, javobgarlikka tortildi

    Joriy yilda IIV SHXBB tomonidan 60 ga yaqin nopok xodimga nisbatan tezkor tadbirlar oʻtkazilib, ular jazolandi.

    Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

    Maʼlumotga koʻra, 250ga yaqin xodimlarning sodir etishi mumkin boʻlgan turli huquqbuzarliklari barvaqt oldi olindi. 300dan ortiq xodimga nisbatan pora taklif qilgan shaxslarga tezkor tadbirlar oʻtkazilib, qonun ustuvorligi taʼminlandi. 557 nafar rahbar va xodim turli nooʻrin harakatlari uchun intizomiy taʼsir choralari qoʻllanilib, 479 nafar xodim tizimdan boʻshatilgan.

    Toshkent viloyatidagi holatda, IIBBning Karantin tadbirlarini taʼminlash guruhi xodimi fuqaroni kelgusida isteʼmolga yaroqsiz goʻsht mahsulotlarini oʻtkazib yuborish evaziga 500 AQSH dollari olgan vaqtda ushlangan. Oʻshbu holat boʻyicha JKning 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, xodimga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

    Navbatdagi holat Samarqandda qayd etilgan. Pastdargʻom tuman IIB profilaktika inspektori ish yurituvidagi hujjatlar boʻyicha fuqaroga chora koʻrmaslik evaziga undan 800 AQSH dollari olgan vaqtda ushlangan. Bu holat yuzasidan JKning 168-moddasi 3-qismi “a” bandi va 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, unga nisbatan ham “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

    Yana bir holat Namangan viloyati Davlatobod tumanida sodir boʻlgan. IIB patrul-post xizmati xodimi fuqaroning avtomashinasida aniqlangan giyohvandlik moddasi boʻyicha chora koʻrmaslik evaziga undan umumiy qiymati 11 million soʻmlik tilla taqinchoqlarni tamagirlik yoʻli bilan olgan vaqtda ushlangan. Xodim IIOdan boʻshatilgan va toʻplangan hujjatlar prokuraturaga yuborilgan.