Bu haqda IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti axborot xizmati maʼlum qildi.
Hujjat ichki ishlar organlari xodimlarining tarixiy, maʼnaviy-maʼrifiy bilimlarini oshirish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan.
Tadbirda ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Diyorbek Sattarov, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, vazirlik va markaz masʼul xodimlari, shuningdek, «Eng yaxshi kitobxon» koʻrik-tanlovining respublika bosqichi ishtirokchilari qatnashdi.
Taʼkidlanganidek, davlat rahbari tashabbusi bilan barpo etilgan markaz xalqimizning boy tarixiy, ilmiy va maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib etish, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy gʻurur, tarixiy xotira hamda ajdodlar merosiga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega.
Memorandumga muvofiq, ichki ishlar organlari xodimlari, kursantlar va tinglovchilarning bilimlarini oshirish, ularda Vatanga sadoqat va milliy gʻurur tuygʻularini mustahkamlash, buyuk alloma va mutafakkirlar merosini chuqur oʻrganish boʻyicha tizimli hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, markazda maʼnaviyat soatlari, ochiq darslar, ilmiy-maʼrifiy uchrashuvlar va davra suhbatlari tashkil etish, konferensiya va seminarlar oʻtkazish, xodimlar uchun ekskursiyalar uyushtirish, qoʻshma maʼrifiy, media va raqamli loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
«Eng yaxshi kitobxon» tanlovi gʻoliblari aniqlandi
Tadbir doirasida ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan «Eng yaxshi kitobxon» koʻrik-tanlovining respublika bosqichi ham yakunlandi.
Tanlov natijalariga koʻra:
- 1-oʻrin — Toshkent shahar IIBBdan leytenant Kamronbek Ismoilov;
- 2-oʻrin — Navoiy viloyati IIBdan kapitan Bunyod Toʻymurodov;
- 3-oʻrin — Beruniy tumani IIBdan leytenant Elmira Oʻrozmatova.
Gʻolib va sovrindorlar Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan pul mukofotlari hamda qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Mazkur hamkorlik ichki ishlar organlarida kitobxonlik va mutolaa madaniyatini yuksaltirish, xodimlarning maʼnaviy-maʼrifiy salohiyatini oshirish hamda ularda vatanparvarlik va xizmat burchiga sadoqat tuygʻularini mustahkamlashga qaratilgan.