Ijodiy hamkorlikning yangi bosqichi

    Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi oʻrtasida Anglashuv Memorandumi imzolandi.

    Soʻnggi yillarda yurtimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim sharti boʻlgan ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, soʻz va matbuot erkinligini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

    27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bayrami arafasida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi oʻrtasida Anglashuv Memorandumi imzolashga bagʻishlangan tadbir tashkil etildi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarov, OAV xodimlari hamda Akademiya oʻqituvchi va xodimlari ishtirok etdi.

    Taʼkidlash joizki, 2022/2023 oʻquv yilida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida ilk bor bakalavriatning kunduzgi hamda sirtqi taʼlim shakllariga “Jurnalistika (xalqaro jurnalistika)” hamda magistratura bosqichining “Jurnalistika (internet jurnalistika)” yoʻnalishiga qabul eʼlon qilindi. Shuning oʻzi ham bugungi kunda mazkur soha vakillariga boʻlgan ehtiyoj tobora ortib borayotganini koʻrsatadi.

    – Soʻnggi yillarda yurtimizda soʻz erkinligiga boʻlgan eʼtibor yangi darajaga koʻtarildi, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov. – OAV demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, dunyoda va mamlakatimizda sodir boʻlayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, voqea-hodisalar haqida tezkor va haqqoniy maʼlumotlar yetkazish, yangi Oʻzbekistonning demokratik qiyofasini shakllantirishda muhim rol oʻynamoqda. Akademiyamiz uchun taʼlimning yangi yoʻnalishi diniy-maʼrifiy mavzularda mukammal maqolalar, koʻrsatuv va eshittirishlar tayyorlay oladigan yetuk mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni qondirishga xizmat qilishiga ishonamiz.

    Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarov boʻlajak jurnalist kadrlarga soha sirlarini oʻzlashtirishlari, yetuk kadr va mutaxassis boʻlib yetishishlari yoʻlida uyushma amaliy yordam berishga tayyor ekanini maʼlum qildi.

    Memorandum imzolanganidan soʻng yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar hamda yosh avlodning barkamol voyaga yetishi, xalqaro standartlar asosida taʼlim olishi, ilm-fan, kasb-hunar choʻqqilarini egallashi hamda xalqimiz maʼnaviy-maʼrifiy yuksalishi borasidagi yangilanishlarni keng jamoatchilikka samarali yetkazishda Akademiya bilan faol hamkorlik qilib kelayotgan OAV xodimlaridan bir guruhi bayram munosabati bilan ragʻbatlantirildi.

    Nodir MAHMUDOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri