Andijon davlat universitetida mavjud 10 ta alohida iqtidor talab etadigan yoʻnalishga 8 mingdan ortiq abituriyent roʻyxatdan oʻtgan. Bugun 6 ta taʼlim yoʻnalishiga imtihonlar boshlandi. Imtihonlar ikki smenada tashkil etilishi belgilangan.
Abituriyentlarning xavfsizligi va sogʻligini asrash uchun barcha choralar koʻrilgan. Universitet hududiga kirish dezinfeksiya tunellari oʻrnatilgan. Har bir abituriyent tuneldan oʻtgach, issigʻi oʻlchanib, antiseptik vositalar bilan qoʻllari tozalab, oʻtkazilmoqda. Imtihon oʻtkaziladigan xona va hududlarda masʼullar masofani saqlashni nazorat qilmoqdalar. Hozirga qadar virus alomatlari bor abituriyentlar kuzatilmadi.
Imtihonlarni shaffof va adolatli oʻtkazish maqsadida imtihon oluvchi mutaxassislar yurtimizning boshqa OTMlaridan jalb etilgan. Musiqa taʼlimi, Cholgʻu ijrochiligi, Anʼanaviy xonandalik yoʻnalishlarida Oʻzbekiston Konservatoriyasi, TSMG va Rangtasvir Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn instituti mutaxassislari, Jismoniy madaniyat, Futbol va Boks yoʻnalishlarida esa taniqli murabbiylar, jahon va Osiyo chempionlari imtihon olmoqdalar.
Yana bir shaffoflikni taʼminlovchi muhim qadam, universitetdagi imtihonlar jarayonlarini real vaqt rejimida ONLAYN kuzatish imkonini beruvchi maxsus http://camera.adu.uz/ platformasi ishga tushirilishi boʻldi. Imtihon oʻtkaziladigan 6 ta hududda 20 ta veb-kamera oʻrnatilib, abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlari bemalol uydan turib imtihonlarni kuzatib borishlari uchun sharoit yaratildi.
Tibbiyot xodimlari har bir abituriyentni, ayniqsa sport yoʻnalishlari boʻyicha imtihon topshirayotganlarni sogʻligini alohida nazorat qilmoqdalar olmoqdalar. Ular uchun gigiyena talablariga rioya qilgan holda suv va salqin ichimliklar tashkil qilingan. Xavfsizlikni taʼminlash uchun Milliy gvardiya va Ichki ishlar xodimlari jalb etilgan.