Ijro hokimiyati organlari xodimlari qisqaryapti

    Mamlakatimizda 26 Yanvar 2023 2326

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2023-yil 23-yanvarda “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmon imzolandi.

    Hujjat bilan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari – vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalar (keyingi oʻrinlarda – vazirlik va idoralar) hamda ularga tegishli hududiy va tuman (shahar) boʻlinmalarining Davlat byudjeti hamda byudjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan jami boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni tasdiqlandi – 56 573 shtat birligi.

    Maʼlumot uchun: vazirlik va idoralar tizimida jami 17 447 ta shtat birliklari qisqartirilyapti.

    Endilikda vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha boshqaruv shtat birliklarini kiritish taqiqlanadi.

    Bundan tashqari, Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari – vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalarning yagona roʻyxati tasdiqlanyapti.

    Maʼlumot uchun: yagona roʻyxat 69 ta birlikdan iborat, shundan:

    vazirliklar – 21 ta;

    qoʻmitalar – 12 ta, shundan alohida maqomga ega mustaqil qoʻmitalar – 2 ta;

    agentliklar– 25 ta, shundan alohida maqomga ega mustaqil qoʻmitalar – 3 ta;

    inspeksiyalar – 11 ta

    Shuningdek, yuridik maqomga ega boʻlgan jamgʻarmalar ijro etuvchi organlarining (direksiyalar, boshqaruv qoʻmitalari va departamentlari hamda boshqalar) faoliyatini tugatish, ularning funksiyalarini tegishli vazirlik va idoralarga oʻtkazish rejalashtirilgan, deb xabar beradi “Norma”.

    Hujjat Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 25-yanvardan kuchga kirdi.