Ijro hujjatlariga doir maʼlumotlarni qamrab olgan Majburiyatlar reyestri yuritiladi

    Hujjatlar 17 Iyun 2025 904

    Qonun (OʻRQ-1069-son, 16.06.2025-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

    Qonun hujjatlariga kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, ijro ishini yuritish doirasida qabul qilingan qaror va boshqa hujjatlar jismoniy shaxslarga – ularning YAIDXP (my.gov.uz) dagi shaxsiy kabineti orqali, shuningdek yuridik shaxslarga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuborilishi koʻrsatildi.

    Shunindek, mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining yarmi miqdoridagi pul mablagʻlari fuqarolarning qarzdorliklari boʻyicha undiruv qaratilishi mumkin boʻlmagan eng kam kafolatlangan daromad etib belgilandi.

    Bundan tashqari, majburiy ijro byurosi ijro hujjatlariga doir maʼlumotlarni qamrab olgan Majburiyatlar reyestrini yuritishi koʻzda tutildi.

    Davlat organlari, kredit tashkilotlari va boshqa tashkilotlar Majburiyatlar reyestriga kiritilgan ijro hujjatlari boʻyicha Majburiy ijro byurosi bilan tezkor axborot almashinuvini amalga oshiradi.

    Ijro hujjatlariga doir maʼlumotlar Majburiyatlar reyestriga avtomatlashtirilgan tizim orqali kiritiladi va 10-yil davomida saqlanadi.

    Shuningdek, qonun hujjatlariga majburiy ijro harakatlarini amalga oshirish chogʻida davlat ijrochilari tomonidan mobil videokuzatuv vositalaridan foydalanilishi mumkinligini nazarda tutuvchi qoʻshimchalar kiritildi.

    Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.