Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida ijro intizomi masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshqargan yigʻilishda vazir oʻrinbosarlari, vazirlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari hamda xodimlari ishtirok etdi.

Tanqidiy ruhda kechgan yigʻilishda mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning natijadorligi bevosita ularni amalga oshirishga qaratilgan hujjatlar va qarorlar, topshiriqlar ijrosini oʻz vaqtida hamda sifatli bajarishga bogʻliq ekani yana bir karra alohida taʼkidlandi. Shu maʼnoda, har bir rahbar va xodim zimmasidagi masʼuliyatni chuqur his qilishi, belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga jiddiy yondashishi, shaxsiy javobgarlikni unutmasligi shartligi qayd etib oʻtildi.

‌– Har kim kun yakunida vijdoni oldida hisob berishi kerak. Bugun nima bilan band boʻldim, qaysi vazifani uddaladim, ishimdan koʻnglim toʻldimi – shularni tahlil qilib, oʻzi uchun xulosa chiqarishi lozim. Mana shunday masʼuliyat hissi bilan yashamagan odam bugungi islohotlar jarayonidan ortda qolib ketishi aniq. Demakki, u davr talabiga ham javob berolmaydi. Shu bois har birimiz faoliyatimizga tanqidiy koʻz bilan qarashimiz, zimmamizdagi masʼuliyatni sidqidildan ado etishimiz zarur, – dedi O.Nazarbekov.

Yigʻilishda mart oyida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalarga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, shuningdek, vazirlikning ijroga yoʻnaltirilgan buyruqlarini oʻz muddatida, sifatli bajarish boʻyicha rahbar-xodimlarga zarur koʻrsatmalar berildi. Bu borada nazorat qatʼiy boʻlishi taʼkidlandi, deb xabar bermoqda Madaniyat vazirligi axborot xizmati.