Konstitutsiyamizning 32-yilligi bayrami munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston XDP Qoraqalpogʻiston Respublika kengashi masʼullari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesidagi OʻzXDP fraksiyasi aʼzolari, Oʻzbekiston XDP Nukus shahar kengashining “Qumbыz aoʻыl” boshlangʻich partiya tashkiloti aʼzolari, partiya faollari, Nukus davlat pedagogika instituti professor-oʻqituvchilari va talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati, OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi Nazira Matyakubova Konstitutsiya mazmun-mohiyatiga toʻxtalib oʻtdi. Xususan, uning har bir moddasida fuqarolarning manfaati va qonuniy huquqlarini taʼminlash kelajak avlodlar oldidagi katta masʼuliyatni nazarda tutadigan normalar belgilab berilganini taʼkidladi. Shuningdek, mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etishda yoshlar Konstitutsiyada belgilab berilgan ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy huquq va majburiyatlarini, burchlari hamda erkinliklarini chuqur bilishlari zarurligi qayd etildi.
Bundan tashqari, xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida qabul qilingan qonun va qonunosti hujjatlarning mazmun-mohiyati haqida soʻz bordi. Ayollar uchun yaratilayotgan sharoit, berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar, xotin-qizlarning haq-huquqlari taʼminlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtildi. Shu bilan birga, xotin-qizlarning taʼlim va kasbiy koʻnikmalar olishi, imtiyozli uy-joy, kreditlarga ega boʻlishi borasida Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsad vazifalarini amalga oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumotlar berildi.
Tadbirda Nukus davlat pedagogika instituti xotin-qizlar masalalari boʻyicha rektor maslahatchisi Sayyora Bekchanova soʻzga chiqib, Konstitutsiyadagi yoshlarga oid qator normalar haqida oʻz fikrlarini bildirdi. Xususan, yoshlar huquqlari aks etgan moddaga koʻra, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini taʼminlashi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ragʻbatlantirishi belgilanganini qayd etdi. Shuningdek, davlat yoshlarning maʼnaviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning taʼlim olishga, sogʻligʻini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratib berishi belgilanganligini taʼkidlab oʻtdi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati, hayotimizdagi oʻrni va ahamiyati haqida keng tushunchaga ega boʻldilar va oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.