Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga ipoteka kreditlari boʻyicha kafilliklar beriladi

    Ijtimoiy hayot 24 Iyul 2021 1888

    “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (459-son, 24.07.2021-y.) qabul qilindi

    Qarorga koʻra, 2022-yil 1-avgustgacha tajriba tariqasida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga ajratiladigan ipoteka kreditlari boʻyicha mahalliy hokimliklarning kafilliklarini berish va muddati oʻtkazib yuborilgan qarzdorliklarni qoplash tartibi joriy qilinadi.

    Shunga koʻra, qaror bilan Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga ajratiladigan ipoteka kreditlari boʻyicha mahalliy hokimliklar tomonidan kafilliklar berish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.

    Nizomga muvofiq, kafillik roʻyxatdagi qarz oluvchilarga banklar tomonidan ajratilgan (ajratiladigan) ipoteka kreditlari boʻyicha beriladi.

    Kafillik berilganligi uchun hokimliklar tomonidan toʻlov (mukofot puli) undirilmaydi.

    Kafillik hokimliklar tomonidan “Xalqparvar” komissiyalarining ijobiy xulosasi mavjud boʻlgan taqdirdagina beriladi.

    Kafillikni olish uchun qarz oluvchi ariza hamda unga ilova sifatida shaxsiy identifikatsiya raqami maʼlumotlari va shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasini hokimlikka taqdim etadi.

    Hokimlik hujjat kelib tushgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay:

    hujjatlarni “Xalqparvar” komissiyasiga;

    qarz oluvchi va uning oila aʼzolarining shaxsiy identifikatsiya raqami maʼlumotlarini hududiy davlat soliq boshqarmasiga yuboradi.

    “Xalqparvar” komissiyasi hujjatlarni oʻrganib chiqadi va Soliq boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan maʼlumot kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kuni mobaynida:

    - tanqidiy mulohazalar boʻlmaganda – qarz oluvchini roʻyxatga kiritadi va hokimlikka ipoteka krediti boʻyicha kafillik berishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida ijobiy xulosani taqdim etadi.

    Ushbu tartib 2022-yil 1-avgustga qadar amal qiladi.