Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 2-fevral kungi qaroriga asosan, ogʻir turmush sharoitidagi oilalarga tegishli uylarni taʼmirlash, tom qismini yopish, hamda yashash uchun yaroqsiz va avariya holatidagi uylarni yangidan qurish ishlari amalga oshirilishi belgilangan.
Qarorga muvofiq Amudaryo tumanidagi jami 49 ta ovul va mahallalarda joylashgan jami 1868 ta xonadondan 1856 ta uyning tom qismi yopib beriladi. Shuningdek, yashash uchun va taʼmirlash uchun yaroqsiz boʻlgan 12 ta uy qaytadan quriladi. Qolgan 190 ta uy esa toʻliq taʼmirlab beriladi.
Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Amudaryo tumanidagi barcha xonadonlar toʻliq xatlovdan oʻtkazilib, oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlari oʻrganildi. Oʻrganishlar natijasida ushbu oilalar haqiqatdan ham yordamga muhtoj ekanligi aniqlandi. Bugungi kunda tumanda ushbu uylarni taʼmirlash va qayta qurish ishlari boshlab yuborilgan.
Amudaryo tumanining Boʻz yop ovul fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Amat Bazarbayev yakkayu, yolgʻiz yashaydi. Fuqaroning uyi haqiqatdan ham yashashga yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. Uning uyi bugungi kunda “Goʻna qalʼa Mangʻit” masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan 2 xonali zamonaviy uslubda qayta qurilmoqda.
Yana shunday ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolardan biri Qizilcholi mahallasida istiqomat qiluvchi Nasiba Siytmamutova. U ikki nafar farzandi bilan yolgʻiz yashaydi. Turmush oʻrtogʻining vafotidan keyin yolgʻiz ona roʻzgʻor yukini koʻtarishga ancha qiynalib qolgan edi. Buning ustiga yashash uchun yaroqsiz ahvolga kelib qolgan yeski uyning tomidan chakka oʻtishi, balogʻat yoshiga yetib qolgan farzandlarining moddiy zarurati yolgʻiz onani kechayu kunduz dala ishlaridan boʻshamay yollanma ishchi boʻlib mehnat qilishga majbur qilardi. Prezidentimizning alohida gʻamxoʻrligi va eʼtibori sabab uning uyi ham yangidan qurib berilmoqda.
Qurilish ishlari “Jumurtov tex taʼmir servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan iyun oyida nihoyasiga yetkazilib, uy egasiga tantanali tarzda topshiriladi.