Rasmiy xatda Markaziy bank soʻnggi paytlarda ayrim kredit tashkilotlari tomonidan aholining ijtimoiy nafaqalari — yaʼni bolalar puli, nogironlik nafaqasi, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik puli va shunga oʻxshash davlat yordami puli bank kartalariga tushishi bilanoq avtomatik tarzda qarz toʻloviga yechib olinayotganini tanqid qildi.
Xatda ushbu holatlarni keskin tanqid qilinib, bu kabi amaliyotni adolat tamoyillariga zid va insoniylikdan yiroq deb baholandi.
Chunki aholining ijtimoiy nafaqalari davlat tomonidan ijtimoiy himoya choralari sifatida koʻrsatiladi va ularni fuqarolarning roziligisiz qarz toʻlovlariga yoʻnaltirish mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 57-moddasiga koʻra, davlat nogironligi bor, mehnatga layoqatsiz, yolgʻiz keksalar, ijtimoiy ehtiyojmand aholini himoya qiladi. Shuningdek, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunning 21-moddasiga muvofiq, isteʼmolchilarning qonun hujjatlarida belgilangan huquqlarini cheklash taqiqlanadi.
Markaziy bank barcha tijorat banklari va mikro moliya tashkilotlarini ichki tartib-qoidalarini qayta koʻrib chiqishga va ijtimoiy nafaqalarni fuqarolar roziligisiz kredit qarzlariga yoʻnaltirishni toʻxtatishga chaqirdi.
Bundan tashqari, agar fuqaro ushbu holatdan norozi boʻlsa, unga yetkazilgan mablagʻlarni qaytarish boʻyicha zarur choralar koʻrilishi lozimligi taʼkidlandi.
Mazkur ogohlantirish barcha bank va kredit tashkilotlari tomonidan eʼtiborga olinishi shart. Aks holda, Markaziy bank bunday holatlarni qonunchilik doirasida nazorat qilish va zarur choralarni koʻrishini bildirdi.