Qarorga muvofiq, 2020-yilning 1-sentyabridan ijtimoiy nafaqalarni tayinlash toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish va ularni tayinlash tartib-taomillari bosqichma-bosqich “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi vositasida amalga oshiriladi.
Kam taʼminlangan oilalarning ehtiyojmandlik darajasini obyektiv baholash, qarorlarni qabul qilishda subyektiv yondashuvni bartaraf etish tizimni joriy etishning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi.
Qaror bilan 2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishda fuqarolardan talab etilmaydigan hujjatlar va maʼlumotlar roʻyxati tasdiqlandi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” AT orqali kam taʼminlangan deb eʼtirof etilganlik toʻgʻrisida maʼlumotnoma yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi va 12 oy davomida amal qiladi.
Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi ijro etuvchi apparatida fuqarolarning “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” AT orqali ijtimoiy nafaqalarni tayinlashga oid murojaatlari va shikoyatlarini qabul qilish boʻyicha shoʻbasi tashkil etiladi.
Maʼlumot uchun: “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” AT 2019-yil 1-oktyabridan buyon tajriba-sinov tariqasida Sirdaryo viloyatida ishlatib kelinmoqda.