Ijtimoiy soliq toʻgʻrisidagi yangi nizom tasdiqlandi

    Moliya 21 Dekabr 2023 1358

    Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Ijtimoiy soliqni taqsimlash, pensiya va boshqa toʻlovlarni toʻlash uchun ajratilgan xarajatlarni qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi (2023-yil 14-dekabrdagi 661-son VMQ). Ushbu tartibni belgilaydigan NHHning maqomi oshirildi, biroq tartibning oʻzi oʻzgartirilmadi.

    Ilgari 2016-yilda Moliya vazirligi, DSQ va Markaziy bankning qoʻshma qarori bilan tasdiqlangan idoraviy Nizom amal qilgan. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-dekabrdagi 661-son qarori bilan tasdiqlangan yangi Nizom 2016-yildan keyin qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq yangilandi.

    Oʻzgartirishlar asosan atamalar va tashkilotlar nomlariga daxl qilgan. Buxgalterlarga taalluqli asosiy qoidalar oʻzgarishsiz qoldirilgan.

    Ijtimoiy soliq soliq toʻlovchilar tomonidan hisobot oyi uchun hisoblangan ish haqi fondi va soliq stavkalaridan kelib chiqqan holda, mustaqil ravishda hisoblab chiqariladi. Ijtimoiy soliqni toʻlash uchun mablagʻlar Yagona gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Ijtimoiy soliqning hisoblab yozilishi va oʻtkazilishi har oyda hisobot davridan keyingi oyning 15 kunidan kechiktirmay, yil yakunlari boʻyicha esa – keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay amalga oshiriladi.

    Pensiya jamgʻarmasining pensiyalarni toʻlashga ajratilgan xarajatlari yuridik shaxslar tomonidan oʻz vaqtida qoplanmagan taqdirda, har bir kechiktirilgan kun uchun qarzdorlik summasining 100 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda penya undiriladi, deb xabar beradi “Norma”.