Mazkur hujjat bilan ayrim qonunlarga Ijtimoiy himoya milliy agentligining zimmasiga dafn etish uchun nafaqani berish vazifasini yuklash, uning xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlarini belgilash, shuningdek, fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga va maʼmuriy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini toʻlashdan ozod etish bilan bilan bogʻliq oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, Qonun bilan kiritilayotgan oʻzgartirishlarga muvofiq oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan 80 yoshga toʻlgan keksalarga qarab turilgan vaqt ish stajiga qoʻshib hisoblanishi uchun davolash muassasasining xulosasi talab etilmaydi.
Shuningdek, oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalarga, yolgʻiz yashovchi keksalarga va nogironligi boʻlgan shaxslarga shahar yoʻlovchi transportidan bepul foydalanish huquqi berilmoqda.
Qonun bilan oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar, yolgʻiz yashovchi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar yoʻqolgan yoxud yaroqsiz holga kelgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiyalovchi ID-kartasi yoki biometrik pasportini almashtirishda davlat bojini toʻlashdan ozod qilinmoqda.
Shuningdek, oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalarga, yolgʻiz yashovchi keksalarga va nogironligi boʻlgan shaxslarga homiylik qilish uchun yoʻnaltirilgan mablagʻlar soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadigan xarajatlar jumlasiga kiritilishi belgilanmoqda.