Ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan holatlar yuzasidan davlat test markazining rasmiy bayonoti
Hukumat qarorlari, jumladan, davlatimiz rahbari huzurida oʻtkazilgan yigʻilishlarda berilgan kirish imtihonlarini soddalashtirishga oid topshiriqlar asosida yaratilgan shart-sharoitlar bugungi karantin cheklovlari talablariga javob beradi.
Alohida qayd etish kerakki, test sinovlarining adolatli va shaffof oʻtishida jamoatchilikning oʻrni, yordami, eʼtibori juda katta boʻlmoqda. Test sinovlarini oʻtkazishdek katta jarayonga befarq emasliklari, bildirayotgan fikr-mulohazalari, maslahatlari yuzaga kelayotgan kamchiliklarni bartaraf etishda katta yordam bermoqda. Buning uchun Davlat test markazi xalqimizdan minnatdor ekanligini eslatib oʻtadi.
Biroq jarayon qanchalik koʻtarinki ruhda boshlanmasin, baʼzi kamchilik va qonunbuzarliklar ham koʻrinib bormoqda. Bugungi kunda test sinovi jarayoni yurtimizda birinchi darajali voqea boʻlayotganligidan barcha turdagi davlat, nodavlat ommaviy axborot vositalari bor eʼtiborini ushbu jarayonga qaratgan. Shundan boʻlsa kerak, baʼzi OAV vakillari maʼlumotlarni odatdagidek holatlarni bir tomonlama yoritmoqdalar. Toʻgʻri, baʼzi holatlar ham borki, abituriyentlarning tartibbuzarliklari bilan bogʻliq emas. Shulardan kelib chiqqan holda maʼlum qilamizki, jamoatchilik eʼtibori tufayli, yuzaga kelayotgan hamda koʻpchilikda salbiy qarash uygʻotayotgan barcha holatlar oʻrganib chiqildi va chiqilmoqda. Bugungi maʼlumotlarimiz Davlat test markazi tomonidan daxldor tashkilotlar hamkorligida oʻtkazilgan oʻrganish jarayonida aniqlangan faktlar asosida tayyorlandi.
1. Ijtimoiy tarmoqlarda rasmlari eʼlon qilingan test topshiriqlari kitoblari.
2-sentyabr va 3-sentyabr kunlari oʻtkazilgan test sinovi jarayonlarida test topshiriqlarining rasmga olinganligi va internet nashrlarida eʼlon qilinganlik holatlari boʻyicha tekshiruv oʻtkazildi. Tekshiruv davomida rasmi koʻrsatilgan test topshiriqlari kitoblari joriy oʻquv yiliga tegishli ekanligi va ushbu savollar kitoblari kompyuter taqsimotiga koʻra, 2-sentyabr kuni Fargʻona viloyati, 4-sektor (Margʻilon shahri)da 1-smenada test topshirishi belgilangan 159-guruhga hamda 3-sentyabr kuni Andijon viloyati, 6-sektor, 1-smenada test topshirilish belgilangan 125-guruh va shu kuni Xorazm viloyati, 1-sektor, 1-smenada test topshirilish belgilangan 26-guruhga yuborilganligi maʼlum boʻldi. Shuningdek, tezkor harakat asosida holatni amalga oshirgan abituriyentlarning barchasi aniqlangan va ularning uch nafari jarayon davomida, bir nafari jarayondan keyin chetlatilgan.
2. Ijtimoiy tarmoqlarda rasmlari eʼlon qilingan javoblar varaqalari.
Amaldagi tartibga koʻra test sinovlari natijalari u topshirilgan kunning ertasiga eʼlon qilinishi lozim. Bunday tezkorlik uchun katta hajmdagi ishlar amalga oshiriladi. Boshqa birorta davlatda bunday yoʻl tutilmaydi. Umuman xorijiy mamlakatlarda 4 kundan 30 kungacha boʻlgan muddatda natijalarni eʼlon qilish amaliyoti mavjud.
Avvalgi yilda tajribadan oʻtgan test natijalarini tezkor eʼlon qilish amaliyoti oʻzini toʻla oqlaganligi bois, bu yil ham qoʻllanilmoqda. Oʻtkazilgan uch kunlik test sinovi natijalari shu tariqa Davlat test markazining rasmiy veb-saytida eʼlon qilindi. Joriy yilda ham test sinovlari natijalari eʼlon qilingandan keyin abituriyentlarning shaxsiy kabinetida oʻzi tomonidan toʻldirilgan javoblar varaqalari rasmlari qoʻyildi. Ushbu javoblar varaqalari rasmlarida abituriyentlarning familiyasi, ismi va sharifi, qaysi raqamli test topshiriqlari kitobi berilganligi, oʻzlari boʻyagan doirachalar asosida toʻgʻri va notoʻgʻri berilgan javoblar, ball miqdori koʻrsatiladi. Endi ijtimoiy tarmoqlarda koʻp muhokama qilinayotgan holatlar boʻyicha izoh berib oʻtsak.
Boʻyalmagan yoki barcha muqobil javob doirachalari boʻyalgan boʻlsada, ball berilgan:

Ushbu holatda hech qanday qonun buzilishi aniqlanmadi. Bunda abituriyent tomonidan rasmda koʻrinib turgan savollarga nisbatan eʼtiroz bildirilgan va unga mos doiracha boʻyalmasdan qoldirilgan. Eʼtirozni oʻrganish natijasida abituriyentning eʼtirozi asosli topilib, unga ball berilgan. Taʼkidlash kerakki, shundan soʻng eʼtirozli deb topilgan shu savol qaysi test topshiriqlari kitoblarida tushgan boʻlsa, barchasiga ball berilgan. Tegishli doiracha boʻyalmagan yoki oʻsha savolning barcha doirachalari boʻyalgan boʻlsa ham.
3. Barcha javoblari toʻgʻri koʻrsatilgan javoblar varaqasi boʻyicha.
Test sinovi topshirish jarayonida savollarga toʻliq javob berish yoki aksincha boʻlishi abituriyentning bilimi, tayyorgarlik darajasiga bogʻliq. Ushbu holatga Davlat test markazining bogʻliqlik joyi yoʻq. Shunday boʻlsa ham, salbiy qarash tufayli, unga bogʻliq jarayonni videokuzatuv asosida aniqlash mumkin.
4. Javoblar varaqasida abituriyentning familiyasi, ismi va sharifi mos kelmaganlik boʻyicha.
Avvalo javoblar varaqasida abituriyentning familiyasi, ismi va sharifi yozilgan holda alohida maxsus paketda borishini eslatish zarur. Ushbu holatda shuni taʼkidlash kerakki, uning yuz berishiga ham abituriyent, ham nazoratchi, shuningdek, texnik xatolik sabab boʻlmoqda. Avvalo bunga nazoratchining javoblar varaqalarini oʻz egalariga tarqatmaganligini, abituriyentlar tomonidan tekshirilmaganligi va eʼtiroz bildirilmaganligi, holatga doir tushuntirishlar boʻlmaganligini va javoblar varaqalarini oʻqish texnika vositalarining egalari kodlangan javoblar varaqasi kodi asosida javoblarni asl egalariga nisbatan hisoblaganligini koʻrsatib oʻtish kerak.
5. Nazoratchining abituriyentga yordami boʻyicha.

Rasmda koʻrsatilgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu holat tekshirilganda haqiqatan ham bugun (5-sentyabr) Toshkent shahrida joylashgan Milliy bogʻda, 1-smenada oʻtkazilgan test sinovlarida yuz berganligi yetarli dalil-isbotlar bilan aniqlandi. Ushbu jarayonga daxldor barcha shaxslar aniqlandi va chora koʻrilishi uchun tegishli tashkilotga taqdim etilgan.
Qayd etishimiz kerakki, oʻz navbatida koʻrsatib oʻtilgan salbiy holatlarning yuz berganligi adolatparvar yurtimiz uchun noxush holatdir. Shunday ekan, barcha nazoratchilar, abituriyentlar va jarayon ishtirokchilarini amaldagi tartib-qoidalarga toʻla rioya etishga hamda qoidabuzarliklarga befarq boʻlmaslik, aksincha, bunday holatlarga guvoh boʻlganda tegishli masʼullarni yoki tegishli huquqni muhofaza qilish tashkilotlarining vakillarini xabardor qilishga chaqiramiz.
Mamlakatimiz kelajagining porloq boʻlishida, boshqa sohalar kabi taʼlimni yuksak darajada takomillashtirishda faol, bilimli, yuqori salohiyatga ega yoshlarni saralashda odil boʻlishlarini soʻraymiz.
Davlat test markazi