IKAO auditorlari Oʻzbekistonda navbatdagi audit tekshiruvini oʻtkazadi

    IKAO (Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti) auditorlari Oʻzbekiston Respublikasida parvozlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha nazoratni tashkil etish ustidan navbatdagi audit tekshiruvini oʻtkazadi.

    Rejaga asosan, auditorlar guruhi joriy yilning 17 – 29-may kunlari Oʻzaviatsiya” agentligida tekshiruv olib borishi, shuningdek, shu davr mobaynida “Uzbekistan Airways” AJ va uning boʻlinmalariga, “Oʻzaeronavigatsiya” DUK markaziga, “Panorama Airways” va “Humo Air” aviakompaniyalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markaziga tashrifi rejalashtirilgan.

    IKAO auditorlari Oʻzbekistonda parvozlar xavfsizligini taʼminlash tizimi ishlashini baholash maqsadida kompleks tekshiruv oʻtkazadilar. Xususan, tashrif doirasida aviakompaniyalarda, shuningdek, Toshkent va Samarqand aeroportlarida IKAO standartlari talablarining amaliy bajarilishini tekshiradilar.

    Taʼkidlash joizki, ushbu audit fuqaro aviatsiyasi sohasida parvozlar xavfsizligini taʼminlash tizimini baholashning eng muhim obektiv vositalaridan biri hisoblanadi. Undan muvaffaqiyatli va yuqori darajada oʻtish Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi uchun oʻta muhim ahamiyatga ega boʻlib, milliy aviakompaniyalarimizning jahon bozorida faoliyat yuritishini davom ettirish uchun yoʻl ochib beradi va davlat imijini koʻtaradi.

    Joriy yilning 28-may kuni IKAO auditorlari guruhi tomonidan tekshiruv natijalari boʻyicha dastlabki hisobot taqdim etiladi.