Ikki haftada ikki filial qad rostladi

    Namangan viloyatining Pop tumanida Davlat xizmatlari markazi aholi va tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar koʻlamini tobora kengaytirib borishga intilmoqda. Shu maqsadda tuman markazidan ancha uzoq “Istiqlol” mahalla fuqarolar yigʻinida aholiga beminnat xizmat koʻrsatish, ularning vaqtini tejash uchun yangi filial faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

    Mazkur filial tumanning togʻli va bahavo maskani sanalgan Chodak qishlogʻi va unga yaqin boʻlgan 11 ta MFYda istiqomat qiluvchi 32 mingga yaqin aholiga 140 dan ortiq turdagi davlat xizmatlarni koʻrsatadi.

    Tuman Davlat xizmatlari markazi direktori Vohidjon Tolipovning taʼkidlashicha, filialning faoliyat boshlashi markazdagi tirbandlikning oldini olish barobarida 60 kilometr uzoqlikda yashovchi aholining ortiqcha ovoragarchiligiga barham beradi. Avvallari oyda ikki bor sayyor davlat xizmatlari koʻrsatilgan. Lekin bu bilan aholini toʻlaqonli qamrab olishning imkoni yoʻq edi. Mana, endi 12 ta MFY ahli oʻzlariga yaqin filial orqali istalgan xizmatdan foydalanishi mumkin.

    Filial faoliyati yosh kelin-kuyovlarni ham mamnun etmay qolmadi. Ochilish marosimi kuni ikki yoshning nikoh tuzganlik haqidagi guvohnomasi guvohlar va mehmonlar qarshisida tantanali topshirildi. Bunday qulaylik Uchqoʻrgʻon tumani “Qoʻgʻay” MFYda yashovchi aholiga ham yaratib berildi. Shuningdek, yana 20 ta MFYga xizmat koʻrsatish uchun oʻz eshiklarini ochgan filial 60 ming fuqaroning uzogʻini yaqin qilishga koʻmakdosh boʻldi.

    – Men 65 yoshni qarshilagan nuroniy sifatida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan juda mamnunman, – deydi Sodiqjon ota Qobulov. – Birgina misol, Qoʻgʻay qishlogʻimizdagi odamlar davlat xizmatlaridan foydalanish uchun tuman markaziga borishga toʻgʻri kelardi. Har soniyasidan unumli foydalanib, qoʻli-qoʻliga tegmaydigan tadbirkorlar uchun markazga borib, vaqt va ortiqcha mablagʻ sarflashi noqulaylik tugʻdirardi. Endi esa barchasi ular istaganidek boʻldi. Oʻziga qulay fursat topdi, deguncha mahalladagi filialga kirib, darrov ishini bitirib oladi. Ayniqsa, bu yangilik biz nuroniylarni bagʻoyat xursand etdi. Binodagi sharoit va koʻrsatiladigan xizmatlar bilan tanishar ekanmiz, yoʻlimiz yaqin, ogʻirimiz yengillashganidan quvondik.

    Orifjon JOʻRAYEV,

    Yangi Oʻzbekiston muxbiri