Oʻtgan yillar davomida taʼlimni rivojlantirish borasidagi hamkorlik tajribasi samarali boʻlgani va qoʻshma loyihalar ijobiy natija berayotgani taʼkidlandi.

Qayd etilishicha, umumtaʼlim maktablarini kompyuter bilan jihozlash boʻyicha Koreya krediti hisobiga Koreyaning KT kompaniyasi tomonidan tender yutib olinib, 2859 ta kompyuter sinflari joylarga yetkazilgan, tender natijasida iqtisod qilingan 8 million dollardan ortiq mablagʻ hisobiga joriy yilda qoʻshimcha 951 ta kompyuter sinflari maktablarga yetkaziladi.

Hozirgi vaqtda yana Koreya Respublikasining qoʻshimcha sarmoyalarini Oʻzbekistondagi taʼlim tizimiga yoʻnaltirish boʻyicha loyihalar ustida ishlanmoqda. Oʻz navbatida, Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi Kan Chje Kvon pandemiya sharoitida ham har ikki davlat har tomonlama bir-birini qoʻllab–quvvatlagan holda ish olib borganiga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Elchi Kan Chje Kvon taʼlim sohasini rivojlantirish, yosh avlodni qoʻllab-quvvatlash va ularning har tomonlama rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish Oʻzbekiston uchun ham, Koreya Respublikasi uchun ham ustuvor vazifa ekanligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, maktablarni kompyuter bilan jihozlash, kelgusida yuqori texnologiyalar, raqamlashtirish va AKTni rivojlantirish boʻyicha loyihalar birgalikda ishlab chiqilib hayotga tatbiq etiladi.

Xalq taʼlimi vaziri istiqboldagi rejalarga toʻxtalar ekan, oʻzbekistonlik oʻquvchilar oʻrtasida koreys tilini oʻrganish darajasini yaxshilash orqali maktab bitiruvchilarini Koreya Respublikasidagi nufuzli Oliy taʼlim muassasalarida oʻqishini davom ettirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Vazir yuqorida aytilganlarni inobatga olgan holda talabalar yoki oʻquvchilar uchun yangi grantlar, stipendiyalar yoki almashinuv dasturlarini amalga oshirishda hamkorlik qilish taklifini bildirdi.

Elchi Oʻzbekistonda taʼlim sohasida amalga oshiriladigan tadbirlarning muhimligini taʼkidlab, xalq taʼlimi sohasida kelgusida hamkorlik qilish uchun takliflarni koʻrib chiqishga tayyorligini bildirdi.