Unga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va Belarus Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Leonid Zayas hamraislik qildi. Tadbirda ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Yigʻilish kun tartibi doirasida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, sanoat, ilmiy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikning keng koʻlamli masalalari koʻrib chiqildi.

Ikki Davlat rahbarlarining saʼy-harakatlari tufayli Oʻzbekiston va Belorussiya oʻrtasidagi munosabatlar yuqori va barqaror rivojlanish dinamikasi bilan ajralib turishi va bu, oʻz navbatida, ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi taʼkidlandi.

Ikki mamlakatning savdo-iqtisodiy hamkorligi doirasida erishilgan yutuqlar qayd etildi. 2021-yilda Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 40 foizdan oshib, 337,3 million dollarni tashkil etdi. Masʼul vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida oʻzaro savdoni rivojlantirish boʻyicha ishchi guruh tuzish, shuningdek, yaqin kelajakda tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashning elektron tizimini joriy qilish toʻgʻrisidagi Bitimni ishlab chiqish va imzolash toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Investitsiyalar sohasidagi hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishning ijobiy tendensiyalari muhokama etildi. Soʻnggi uch yil ichida Oʻzbekistonda Belarus kapitali ishtirokidagi korxonalar soni toʻrt barobarga oshib, 157 tani tashkil etdi. Joriy yilning atigi yetti oyida 58 ta korxona tashkil etildi. Oʻz navbatida, Belorussiyada oʻzbek kapitali ishtirokidagi 101 ta korxona faoliyat koʻrsatyapti. Mashinasozlik, toʻqimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika sanoati, elektronika va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va keyinchalik ularni ikki davlatning logistika imkoniyatlaridan foydalangan holda uchinchi mamlakatlarga eksport qilish boʻyicha hamkorlikda yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning katta istiqbollari qayd etildi. Sanoat kooperatsiyasi sohasida hamkorlikning yangi yoʻnalishlari va qoʻshma tashabbuslarni ishlab chiqish maqsadida shu yil sentyabr oyida Toshkent shahrida Oʻzbekiston-Belorussiya biznes Kengashining ikkinchi yigʻilishini oʻtkazishga kelishildi.

IT va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik masalalari boʻyicha fikr almashildi. Belorussiyada 2023-yilning birinchi yarmida fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik boʻyicha Belorussiya-Oʻzbekiston komissiyasining 2-yigʻilishini qatnashchilarning bevosita ishtirokida oʻtkazish, shuningdek, tasdiqlangan qoʻshma Ilmiy-texnikaviy va innovatsion hamkorlik dasturini IT, raqamlashtirish va yuqori texnologiyalar sohasidagi yangi tashabbus va loyihalar bilan boyitish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Madaniy-gumanitar hamkorlikka, xususan, taʼlim va turizmni rivojlantirish sohasidagi munosabatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Belorussiya fuqarolari uchun “Oila uchun turizm”, “Quyoshli taʼtil”, “Vitaminli tur”, “Oʻqish va sayohat” kabi maxsus turistik xizmatlarini tashkil etishga tayyorlik bildirildi. Belorussiyalik hamkasblar joriy yil noyabr oyida boʻlib oʻtadigan Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi va 2023-yilda Samarqand shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan BMT jahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasida ishtirok etishga taklif etildi. 2023-2026-yillarda Oʻzbekiston va Belorussiyaning yetakchi oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek, Oʻzbekistonda “Belarus kinosi kunlari” va Belorussiyada “Oʻzbek kinosi kunlari”ni oʻtkazishga kelishildi.

Yigʻilish yakunlari boʻyicha tadbirlar davomida erishilgan asosiy kelishuvlarni aks ettiruvchi yakuniy protokol, shuningdek, ikki davlat Hukumat rahbarlarining oʻzaro tashriflari yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.