Ikki viloyatda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar ushlandi

    Andijon va Toshkent viloyatlarida Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boʻlimlari tomonidan kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari savdosining oldini olishga qaratilgan tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon shahri boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda jami 50 dona turli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari topilgan.

    Maʼlumotlarga koʻra, shaharda qonunga xilof ravishda dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan S.T. va boshqalar fuqaro M.X.ga 14 dona "Regapen" va 8 dona "Tropikamid" nomli dori vositalarini 2,9 mln soʻmga sotgan vaqtida ushlanib, ulardan yana 27 dona dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Shuningdek, Departamentning Oqqoʻrgʻon tumani boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro X.I. fuqaro M.Z.ga "Regapen" nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini oʻtkazish maqsadida olib kelgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Hozirda holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.