Ikki viloyatda 2 nafar prokuratura xodimi pora bilan qoʻlga tushdi

    Buxoro va Xorazm viloyatlarida Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqarolardan pora talab qilgan 2 nafar prokuratura xodimlari ushlandi.

    Qayd etilishicha, 2024-yilning iyun oyida Jondor tumani prokuraturasi tomonidan paxta va gʻalla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjalik rahbariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi 2024-yilning noyabr oyida mazkur tuman sudi tomonidan koʻrib chiqilib, sudlanuvchiga nisbatan oylik maoshining 20 foizini ushlab qolgan holda 2-yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanadi.

    Lekin, sudlanuvchiga ogʻirroq jazo turi tayinlanishi lozimligi yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan sud hukmiga nisbatan kassatsiya protesti kiritiladi.

    Vaziyatdan xabardor boʻlgan Jondor tumani prokurorining katta yordamchisi fermer xoʻjalik rahbariga nisbatan dastlabki instansiya tomonidan chiqarilgan hukmni sudya orqali oʻzgartirishsiz qoldirish evaziga 3 ming AQSH dollari talab qilib, dastlab 500 AQSH dollari oladi.

    Ammo, u qolgan 2500 AQSH dollarini Buxoro shahrida olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Prokuratura organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Urganch shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa, Majburiy ijro byurosining Xorazm viloyati boshqarmasi Surishtiruv va maʼmuriy amaliyot shubasi katta surishtiruvchisi oʻz xizmat mavqeyidan foydalanib, Shovot tumanida yashovchi fuqaroni vakolatli hamkasblari orqali MIB tizimiga ishga kiritib qoʻyish evaziga 2 ming AQSH dollari talab qilib, shundan 1800 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

    Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.