Ikki viloyatda energiya resurslarini oʻgʻirlagan "zapravka"lar aniqlandi

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahri va Samarqand viloyatida energiya resurslarini oʻgʻirlagan avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchalari aniqlandi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yunusobod tumani boʻlimi tomonidan “Hududgaz Poytaxt” gaz taʼminoti filiali xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “B.” MCHJ rahbari T.A. va boshqalar MCHJga qarashli avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchasida oʻrnatilgan gaz hisoblagichga tashqi taʼsir oʻtkazilib, jami 1,5 mln kub metr. tabiiy gazni oʻgʻirlab, davlat va jamiyat manfaatlariga 2,7 mlrd soʻm zarar yetkazganliklari aniqlangan.

    Shuningdek, Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan “Oʻzenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “M.G.” MCHJ rahbari S.R. Pastdargʻom tumanidagi avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchasida oʻrnatilgan elektr hisoblagichning ulanish sxemasini oʻzgartirib, tijorat maqsadida 2,1 mlrd soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

    Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.