Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi va Toyloq tumani boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro O.B fuqaro G.Sning ishonchiga kirib, uni 20 000 AQSH dollari evaziga qoʻshni Qozogʻiston Respublikasidagi universitetga 3 bosqichdan oʻqishga kiritib, keyinchalik Toshkent davlat yuridik universitetiga koʻchirib berishini vaʼda qilib, oldindan 10 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan birga ushlangan.
Shuningdek, Departamentning Baliqchi tumani boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro R.Z. fuqaro M.T.ni goʻyoki Andijon davlat tibbiyot institutida ishlovchi tanishlari orqali ushbu institutga oʻqishga kiritib qoʻyishi evaziga 15 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.