Ikkinchi Xalqaro maqom sanʼati anjumani yana Shahrisabzda oʻtkaziladi

    Madaniyat 3 Iyul 2020 3748

    Yodingizda boʻlsa, 2018-yilning 6-10-sentyabr kunlari Shahrisabz shahrining tarixiy markazida birinchi Xalqaro maqom sanʼati anjumani oʻtkazilgan edi.

    Unda jahonning 75 mamlakatidan yakkaxon xonandalar, folklor jamoalari, diplomatik korpus vakillari ishtirok etgandi.

    Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, joriy yil ham Shahrisabzda 5-10-sentyabr kunlari II Xalqaro maqom sanʼati anjumani oʻtkaziladi.

    Maʼlum qilinishicha, bosh vazir 2020-yil 30-iyunda II Xalqaro maqom sanʼati anjumaniga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita majlisini oʻtkazgan. Yigʻilishda ushbu anjumanning ikkinchi marta oʻtkazilishiga tayyorgarlik koʻrish, xorijiy ishtirokchilarni yana-da koʻproq jalb etish va ularga maqom sanʼati toʻgʻrisida koʻproq maʼlumot berish, anjuman geografiyasini yana-da kengaytirish zarurligi, ishtirokchilarni boy madaniy meros, sanʼat, urf-odatlar bilan yaqindan tanishtirish masalalari muhokama qilingan.

    Ayni paytda Shahrisabzda ushbu nufuzli anjumanni yuqori saviyada tashkil etish uchun tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Anjumanni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha tashkiliy guruh shakllantirilib, tegishli tashkilotlarga bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab berilgan.

    Taʼkidlanishicha, anjuman doirasida oʻtkaziladigan barcha tadbirlar, tayyorgarlik jarayonlari, hududlardan tashrif buyuruvchilarning ishtiroki sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilingan holda tashkil etiladi. Xorijlik ishtirokchilar uchun Oʻzbekistonga kirish vizalari konsullik yigʻimlarini undirmasdan rasmiylashtirib beriladi.

    Xalqaro maqom sanʼati anjumanining ikkinchi marta oʻtkazilishi Oʻzbekiston Prezidentining 2019-yil 26-fevralda imzolangan farmoyishida belgilangan.