Namangan viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda Yangiqoʻrgʻon tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida tuman hududida harakatlangan fuqaro T.B. boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtomashinani toʻxtatib belgilangan tartibda koʻzdan kechirishdi.
Natijada ushbu avtomashinada tegishli hujjatlari boʻlmagan, xorijda ishlab chiqarilgan, sifati kafolatlanmagan 11 turdagi 5997 quti tibbiyot dori vositalari borligi aniqlandi.
Shundan soʻng tezkor tadbir davom ettirilib fuqaro T.B.ga tegishli yana bir “Kobalt” avtomashinasi Yangiqoʻrgʻon tumani Qizilyozi MFY hududida belgilangan tartibda koʻzdan kechirilganida avtomashina salonidan xorijda ishlab chiqarilgan hech qanday hujjatlari boʻlmagan
18 turdagi 4922 quti dorilar borligi aniqlandi.
Mazkur tezkor tadbir davomida fuqaro T.B.ga tegishli boʻlgan jami 516 million soʻmlik tibbiyot dori vositalari ashyoviy dalil sifatida vaqtincha saqlovga olindi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.