Andijon shahrida faoliyat yurituvchi “Elmurod” MCHJ va “Abdurashid” (nomlari oʻzgartirilgan) xususiy korxonalari rahbarlari bir xil masalada yordam soʻrab, murojaat qildi, deb xabar qiladi Biznes-ombudsman axborot xizmati.
Aniqlanishicha, tadbirkorlarga tegishli ishlab chiqarish sexi, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish binolarining joylashgan hududi oʻzgartirilgan. Lekin Davlat kadastrlar palatasining Andijon shahar filiali elektron dasturida oʻzgartirilmagan.
Ushbu masala yuzasidan tadbirkorlar qariyb uch oy Davlat kadastrlar palatasining Andijon shahar filialiga bir necha marotaba murojaat qilishiga qaramay, ularning masalasi ijobiy yechimini topmasdan qolayotgan edi. Murojaat vakil devoni masʼul xodimlari tomonidan oʻrganib chiqilib, tadbirkorlarga zarur huquqiy va amaliy koʻmak koʻrsatildi.
Jumladan, oʻrganish yakunlariga koʻra, tadbirkorlarga tegishli bino-inshootlarga Davlat kadastrlar palatasining Andijon tuman filiali tomonidan kadastr hujjatlari tayyorlanib, Andijon shahar filialida saqlanayotgan kod raqamlari “UZKAD” elektron axborot tizimi orqali oʻchirilishi taʼminlandi.
Maʼlumot oʻrnida: Oʻzbekiston Prezidentining 24.08.2022-yildagi PF-198-son Farmoniga koʻra, 2023-yil 1-yanvardan boshlab koʻchmas mulk haqida barcha maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan “UZKAD” tizimi faoliyat yuritadi. Mazkur tizimdagi maʼlumotlarning ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadi.