Ikkita yirik xalqaro tashkilot O'zbekistondagi o'rmon maydonlarini tiklash bo'yicha kuchlarni birlashtiradi

    2018-yilda O'zbekiston hukumati “Bonn Challenge” dasturi doirasida 500 ming gektardan ortiq degradatsiyaga uchragan landshaftlarni tiklash majburiyatini olgan

    Toshkent shahrida BMTning Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi hamda Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO)ning O'zbekistondagi vakillari hamkorligida “O'zbekistonda barqaror landshaftlarni tiklash uchun o'rmon xo'jaligi sektorini texnik-iqtisodiy asoslash” mavzusida Milliy muloqot tashkil etildi.

    Unda milliy va xalqaro ekspertlar bir minbarda to'planib, o'rmon sohasini rivojlantirish uchun qulay siyosiy, huquqiy va institutsional asoslarni yaratish, mamlakatimizda o'rmon landshaftlarini tiklashni moliyalashtirish mexanizmlari kabi muhim masalalarni muhokama qildi. Bundan tashqari, O'zbekistonda o'rmonlarni qayta tiklashga qaratilgan joriy va rejalashtirilayotgan milliy va mintaqaviy loyihalar ko'rib chiqildi.

    Muloqot chog'ida 2018-yilda O'zbekiston hukumati “Bonn Challenge” (Bonn chellenj) dasturi doirasida 500 ming gektardan ortiq degradatsiyaga uchragan landshaftlarni tiklash majburiyatini olgani qayd etildi. “Bonn Challenge” dunyo bo'yicha 2020-yilgacha 150 million gektar va 2030-yilga kelib 350 million gektar degradatsiyaga uchragan va o'rmonsizlangan yerlarni tiklash bo'yicha global sa'y-harakatdir. Bugungi kunga qadar 61 ta davlat va 5 ta uyushma Bonn Challenge dasturini qabul qilgan. Shuningdek, O'zbekiston Kavkaz va Markaziy Osiyo landshaftlarini tiklash va infratuzilmasini ko'kalamzorlashtirish bo'yicha Strategiyani ishlab chiqishda faol ishtirok etgani alohida ta'kidlandi.

    Muloqot ishtirokchilari O'zbekistonning davlat rahbari tashabbusi bilan 2021-yildan buyon amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi sa'y-harakatlarni alohida ta'kidladilar. Mamlakatni ko'kalamzorlashtirish bo'yicha ushbu keng ko'lamli loyiha YAngi O'zbekistonning 2022–2026-yillarga mo'ljallangan taraqqiyot strategiyasiga kiritilgan bo'lib, har yili 200 million tup daraxt ekish hisobiga mamlakatimiz o'rmon qoplamini kengaytirishni nazarda tutadi. Uni amalga oshirishda davlat muassasalari va ilmiy jamoalar faol ishtirok etmoqda.

    Tadbir ishtirokchilarga tajriba almashish va O'zbekiston o'rmon xo'jaligi sohasida tarmoqlararo hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha harakatlarni muvofiqlashtirish imkonini berdi.