Xalqaro ilmiy loyihalarda ishtirok etish, hamkorlikda startaplarni yoʻlga qoʻyish esa mamlakat ilmiy salohiyati darajasini oshiradi.
Ilmiy ishlanma va texnologik yangiliklar jamiyat hayotining barcha jabhalarini bogʻlovchi zarur mexanizmga aylanayapti. Jahon bozorlarida raqobatbardoshlikka erishning muhim shartlaridan biri — mazkur sohalarda hamkorlikni kengaytirish.
Butun dunyoda innovatsiya va startap bir-biri bilan chambarchas bogʻliq atamalarga aylangan. Startaplar bilan bugun abstrakt gʻoyalarni haqiqiy mahsulot va xizmatlarga aylantirish mumkin va bunda ilm-fanning oʻrni katta.
Startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vengriya davlati bilan hamkorlikda tanlovlar tashkil etilib, natijada qishloq xoʻjaligi, axborot texnologiyalari, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalarda mahsulot va xizmatlar yaratilmoqda.
— Davlatimiz rahbarining oʻtgan yili oktyabr oyida Vengriyaga rasmiy tashrifi chogʻida ikki mamlakatning masʼul idoralari oʻrtasida hamkorlikda startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash yuzasidan kelishuvga erishilgan edi, — deydi Innovatsion rivojlanish agentligi mutaxassisi Samandar Shukurov. — Shunga koʻra, Innovatsion rivojlanish agentligi hamda Vengriya Respublikasining Tashqi ishlar va savdo vazirligi hamkorligida eʼlon qilingan “Oʻzbekiston — Vengriya startap loyihalar tanlovi” natijalariga koʻra, jami 15 ta loyiha moliyalashtirilgan. Mazkur startap loyihalar ikki mamlakatning masʼul ijrochi korxonalari tomonidan amalga oshirilishi hamda kelajakda talab yuqori boʻlgan bozorlarda keng joriy etilishi maqsad qilingan.
Oziq-ovqat zahiralari bashorat qilinadi
Qishloq xoʻjaligimiz istiqbolli sohalardan. Xalqimiz mehnatkash, yer bilan tillasha oladi. Ammo yil sayin oziq-ovqatga talab ortishi va iqlim oʻzgarishlari buning oʻzi yetarli emasligini koʻrsatmoqda. Shu sabab, soha bilan bogʻliq yoʻnalishlarga ham raqamli texnologiyalar kirib kelayapti. Vengriya va Oʻzbekistonda katta maʼlumotlarni tahlil qilish va mashinalashtirilgan oʻrganish texnologiyalari orqali qishloq xoʻjaligi hamda oziq-ovqat sohasidagi qaror qabul qilishni qoʻllab-quvvatlash tizimining sanoat tadqiqoti va texnik-iqtisodiy asoslash loyihasi amalga oshirilmoqda.
— Qishloq xoʻjaligida ilmiy asoslangan xizmat koʻrsatishni tashkil etish maqsadida xalqaro tajribani oʻrgana boshladik, — deydi loyiha muallifi Sayidjahon Hasanov. — Vengriya bu borada munosib obyekt boʻldi. Loyihaning asosiy maqsadi qishloq xoʻjaligi hamda oziq-ovqat sanoatida qaror qabul qilishni raqamlashtirish va inson omilini kamaytirish texnikalarini ishlab chiqishdan iborat. Buning uchun, avvalo, tarmoqda katta maʼlumotlar bazasini ishlab chiqish zarur. Busiz raqamli texnologiyalarni mukammal tarzda ishga tushira olmaymiz.
Birgina misol, yildan-yilga yerlarning shoʻrlashish darajasi ortib bormoqda. Maʼlumotlarga koʻra, yer yuzida har yili 24 tonna tuproq degradatsiyaga uchraydi, yaʼni hosildorligini yoʻqotadi. Yechimlardan biri sifatida esa olimlar almashlab ekish amaliyotini taklif qilmoqda. Ammo degradatsiya jarayonini yerga urugʻ qadab, maʼlum vaqt oʻtgach bilish yana bir yilni yoʻqotishga olib keladi. Yuqorida taʼkidlangan loyiha esa uni oldindan aniqlash imkonini beradi. Bunda qishloq xoʻjaligidagi tuproq va sugʻoriladigan yerlarning degradatsiyaga uchrash darajasi aniqlab boriladi. Natijada toʻgʻri monitoring yoʻlga qoʻyiladi. Loyihadan koʻzlangan yana bir maqsad — raqamli texnologiyalar va malakali mutaxassislar yordamida oziq-ovqat zahiralarini bashorat qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyish. Qolaversa, ekin maydonining holatiga koʻra, eng koʻp hosil beruvchi ekin turini aniqlash orqali iqtisodiy samaradorlikka erishish.
Loyiha rahbarining taʼkildashicha, startap doirasida yaratilgan xizmatlarga oziq-ovqat sohasida faoliyat olib boruvchi korxonalarda yuqori talab mavjud. Vengriyaning yuqori tajriba ega boʻlgan “Basilicon Consulting Kft” korxonasi mutaxassislari bilan hamkorlikda platforma ishlab chiqilib, 30 ga yaqin mahalliy hamda xorijiy korxonalarga 15 turdagi xizmat koʻrsatilmoqda.
Axborot xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan platforma
Hamkorlikda yana bir — “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha korxonalariga raqamli iqtisodiyot hamda axborot xavfsizligini taʼminlash uchun “Secube” boshqaruv platformasini joriy etish” startap loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu korxonalar faoliyati davomida muhim maʼlumotlarni xavfsiz saqlash, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavflarni tahlil qilish imkoniyatiga ega boʻlgan axborot xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan platforma hisoblanadi.
— Startap loyiha doirasida yaratilgan xizmatlarga banklar, sugʻurta kompaniyalari, kredit uyushmalari, kichik va oʻrta biznes korxonalari va boshqa turdagi iqtisodiyot tarmoqlarida talab yuqori, — deydi loyiha rahbari, “Smart IT Solutions team” MJCH direktori Rustam Abdullayev. — Bugungi kunda bank tizimlarida maʼlumotlarni saqlash doirasida xizmat koʻrsatuvchi Yevropadagi eng yirik “Kürt Zrt” korxonasi bilan hamkorlikda yaratilgan xizmatlar Vengriya mamlakatida ham keng yoʻlga qoʻyilmoqda. Loyiha doirasida 20 ga yaqin mahalliy hamda xorijiy korxonalarga 10 turdagi xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratilgan. “Secube” imkoniyatlar doimiy ravishda oshirib boriladi. Keyinchalik axborotlarni qayta ishlash, avtomatik tarzda tavsiyalar ishlab chiqish fuksiyalari ham qoʻshiladi.
Mutaxassislarning aytishicha, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi xalqaro hamkorlik yangi ish oʻrinlarini yaratilishiga, aholi farovonligi oshishiga, mavjud iqtisodiy va ijtimoiy muammolar bartaraf etilishiga, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga xizmat qilishi kerak. Aynan shuning uchun ham ilmiy va innovatsion sohalarda aloqalar oʻrnatilgan mamlakatlarning rivojlangan soha va tarmoqlariga koʻproq eʼtibor qaratilib, aynan qaysi yoʻnalishda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish belgilab olinadi.
Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimizning global iqtisodiy makondagi nufuzini yuksaltirishda ilmiy va innovatsion sohalardagi xalqaro hamkorlikning ahamiyati katta. Ilgʻor innovatsion texnologiyalar esa milliy iqtisodiyotimizning samaradorligi va mehnat unumini oshiradi.
Feruza JOʻRAYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri