Ilgʻor tajribani oʻrganish — toʻgʻri yoʻl

    Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mutasaddilari oliy taʼlim sohasidagi xalqaro ekspert, Times Higher Education tashkilotining Rossiya va MDH mamlakatlari boʻyicha sobiq mintaqiy direktori Yegor Yablokov bilan universitetlarni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirishga doir Rossiya tajribasini oʻrganish boʻyicha videokonferensiya formatida muloqot qildi.

    — Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida respublikamizdagi kamida 10 ta oliy taʼlim muassasasini xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingining birinchi 1000 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga, shu jumladan, ikkita universitetni birinchi 500 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga kiritish vazifasi belgilangan, — dedi inspeksiya boshligʻi Ulugʻbek Toshkenboyev. — Bu, albatta, oʻz-oʻzidan amalga oshadigan oson ish emas. Koʻpgina davlatlar tajribasiga nazar solsak, ularda milliy universitetlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yirik dasturlar amalga oshirilgani va bu kabi loyihalar yaqqol samara berayotganiga guvoh boʻlamiz.

    Uchrashuv davomida xalqaro ekspertga ishlab chiqilgan yangi dasturlar va loyihalar haqida maʼlumot berildi. Uning bu boʻyicha takliflari tinglandi.

    Yegor Yablokov Rossiyaning “Prioritet-2030” akademik strategik liderlik dasturi maqsadi, vazifalari va amalga oshirilish mexanizmi haqida batafsil soʻzlab berdi. Shuningdek, oʻzbekistonlik mutaxassislar tayyorlayotgan loyihalar ahamiyatiga toʻxtalib oʻtdi.

    — Mazkur dastur ikki yil davomida yetakchi mutaxassislarni jalb qilgan holda ishlab chiqildi. Har qanday davlat universitetlarni rivojlantirishga mablagʻ ajratar ekan, ulardan jamiyat va iqtisodiyot uchun natija kutishga haqli, — dedi ekspert. — Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan Times Higher Education mintaqaviy direktori boʻlib ishlagan paytimdan beri hamkorlik qilib kelaman. Oʻzbekiston Prezidenti oliy taʼlim sohasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratayotgani bejiz emas. Chunki inson kapitali va raqobatbardosh oliy taʼlim muassasalarisiz mamlakat kelajagini tasavvur qilib boʻlmaydi. Oʻzbekistonda ham bunga oʻxshash dasturlar ishlab chiqilayotgani, bu borada boshqa mamlakatlar tajribasi oʻrganilayotgani juda toʻgʻri tanlangan yoʻl deb hisoblayman.

    Yakunda inspeksiya vakillarining “Prioritet-2030” akademik strategik liderlik dasturi boʻyicha savollariga batafsil javob qaytarildi. Shu bilan birga Oʻzbekiston milliy oliy taʼlim muassasalari boʻyicha ishlab chiqilayotgan dasturlarni takomillashtirish boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.