Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2020-yilning 20-may kuni Adiblar xiyobonining ochilish marosimida ishtirok etib, bir qator vazifalarni belgilab bergan edi. Ana shu topshiriqlardan biri – Adiblar xiyobonida haykallari oʻrnatilgan yozuvchi-shoirlarning hayoti va ijodini oʻrganish, targʻibotini jonlantirish maqsadida “Ilhom” mukofotini joriy qilish edi.
Mazkur topshiriqning ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Ilhom” mukofotini taʼsis etish toʻgʻrisida” qarori qabul qilindi. Mukofot shoir va yozuvchilar hayoti va ijodini oʻrganish, ularning asarlarini tarjima qilish, shu asosda tadqiqotlar oʻtkazish, kino va sahna asarlari yaratish kabi maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-ijodiy jarayonlarda eng yuqori natijalarga erishgan oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan va faoliyat yuritayotgan yoshlarga berilishi belgilandi.
Ikkinchi bor oʻtkazilayotgan tanlovning saralash bosqichi oliy taʼlim muassasalari doirasida oʻtkazildi. Ushbu saralash bosqichida barcha oliy taʼlim muassasalaridan oʻn mingdan ortiq talaba-yoshlar, murabbiylar ishtirok etdi.
“Ilhom” mukofoti tanlovining Respublika bosqichi uchun 53 ta oliy taʼlim muassasasidan 115 ta ijodiy ish qabul qilindi. Shundan, 3 ta asosiy va 3 ta ragʻbatlantiruvchi mukofot uchun gʻoliblar saralandi.
Tanlov gʻoliblari, 1-oʻrin – “Spark” avtomobili, maxsus diplom
va statuetka; 2-oʻrin – 30 million soʻm pul mukofoti, maxsus diplom
va statuetka; 3-oʻrin – 15 million soʻm pul mukofoti, maxsus diplom
va statuetka bilan taqdirlandi. Shuningdek, ragʻbatlantiruvchi mukofot sohiblariga qimmatbaho esdalik sovgʻalari topshirildi.
Yetuk olimlar, yozuvchi-shoirlardan iborat Hakamlar hayʼati nomzodlarning ijodiy ishlarini koʻrib chiqishda xolislik va shaffoflikni taʼminlashga katta eʼtibor qaratdi. Tanlovga yuborilgan har bir ijodiy ish batafsil oʻrganib chiqildi. Nomzodning isteʼdodi, ijtimoiy faolligi mutaxassislar tomonidan yuqori baholanganligi, keng jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilganligini inobatga olinib, gʻolib va sovrindorlar tanlandi.
– Ilm va ijodga chanqoq, katta maqsadlarni koʻzlagan yoshlar hayotda toʻgʻri yoʻl tanlashda ogʻishmaydi, – deydi “Ilhom” tanlov gʻolibi, Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti 4-bosqich kursanti Shuhratjon Muhammadxonov. – Ular jamiyatga, yurtiga, oilasiga nafi tegadigan insonlar boʻlib yetishadi. Bugun yurtimizda bu ezgu yoʻlni tanlagan hammaslaklar safi tobora koʻpayib borayotgani barchamizni mamnun etadi. Ilm-fan, adabiyot va sanʼat sohasidagi ijodiy izlanishlar, amalga oshirilayotgan ishlar hali bundan-da avj olib oʻz samarasini berishiga ishonaman. Eng muhimi, koʻngilda oydin orzu-niyatlar soʻnmasa bas. El-yurt ravnaqi uchun tashlangan bunday qadamlar ona Vatanga boʻlgan sadoqat va mehr-muhabbati boʻlib namoyon boʻlaveradi.
Muxtasar TOJIMAMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri